AsosiyJamiyat

Bosh vazir nomzodi bo`yicha so`rovnoma o`tkazganlarga tartib tushuntirildi

'Bosh vazir nomzodi bo`yicha so`rovnoma o`tkazganlarga tartib tushuntirildi'ning rasmi

Xabaringiz bor, kecha Bosh vazir nomzodi bo`yicha so`rovnoma o`tkazilgani haqida xabar bergan edik

 Bugun Adliya vazirligi tomonidan Bosh vazir nomzodi bo`yicha so`rovnoma o`tkazganlarga ushbu lavozimga tayinlash uchun amaldagi tartib tushuntirildi:

"Hozirda Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo`yicha saylov kampaniyasi bo`lib o`tmoqda.

Lekin bu jarayonda ayrim bloger va OAVlar tomonidan  qonunchilikka zid ma`lumot tarqatish, har xil asossiz so`rovlar o`tkazish holatlari uchramoqda.

Xususan, telegramdagi kanallarning birida ayrim mansabdor shaxslardan qaysi birining Bosh vazir bo`lishi mumkinligi haqida so`rov o`tkazilgan.

Bu kabi holatlar odamlar orasida turli mish-mishlar kelib chiqishiga va jamoatchilik fikrini manipulyasiya qilishga sabab bo`lishi mumkinligini inobatga olib, amaldagi qonunchilikda belgilab qo`yilgan Bosh vazirni tasdiqlash tartibi haqida ma`lumot berishni lozim deb topdik.

O`zbekiston Konstitusiyasiga asosan Bosh vazir nomzodi Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko`p deputatlik o`rinlarini olgan siyosiy partiya yoki teng miqdordagi eng ko`p deputatlik o`rinlarini qo`lga kiritgan bir necha siyosiy partiya tomonidan Prezidentga ko`rib chiqish uchun taklif etiladi.

Bunda, Prezident taqdim etilgan Bosh vazir lavozimiga nomzodni ko`rib chiqqanidan keyin uni Oliy Majlis palatalarining ko`rib chiqishi va tasdiqlashi uchun kiritadi. 

Bosh vazir nomzodi uning uchun tegishincha Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a`zolari umumiy sonining yarmidan ko`pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda tasdiqlangan hisoblanadi.

Ya`ni, Bosh vazirni tasdiqlash jarayoni aniq tartibga solingan bo`lib, unda nafaqat saylovlarda ko`p ovoz olgan partiyaning fikri, balki Prezident, senatorlar va boshqa deputatlarning fikri ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Yuqoridagilarga ko`ra, ma`lumot tarqatilayotganda jamiyat va davlat oldidagi ma`suliyatni unutmaslikka chaqiramiz", — deyiladi rasmiy xabarda.

    Boshqa yangiliklar