Xalq ta`limi vazirligi so`ngi vaqtlarda Respublikamizdagi maktablarning sharoiti yomonligi
haqida paydo bo`layotgan turli xabarlarga munosabat bildirdi.
“Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizning turli hududlarida maktablarning yomon ahvolda ekanligi haqida ma`lumotlar e`lon qilinmoqda.
“Xalq ta`limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabridagi farmonining 3-bandiga ko`ra, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimlari xalq ta`limi muassasalarini qo`llab-quvvatlash va ularning infratuzilmasini rivojlantirishga mas`ul etib belgilangan. Ular xalq ta`limi muassasalaridagi mavjud muammolarni tez va samarali hal qilish bo`yicha chora ko`rilishini tashkil etish uchun shaxsan javob beradi.
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi mutasaddilari maktablarni xatlovdan o`tkazgan. Mazkur jarayonda umumta`lim maktablarining 2 840 tasida yangi o`quv binolarini qurish, mavjud binolarni rekonstruksiya qilish va kapital ta`mirlashga ehtiyoj borligi aniqlangan.
Umumta`lim maktablardagi sharoitlarni yaxshilash uchun dastlabki hisob-kitoblar ham qilingan. Joriy yilda Davlat investisiya dasturi, “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari hamda Prezidentimizning hududlarga tashrifi doirasida qo`shimcha mablag`lar ajratilishi hisobiga maktablarni qurish va ta`mirlash uchun yo`naltirilgan mablag`lar hajmi 2 baravarga oshdi. Ammo, hozirda talab qilinadigan mablag` katta bo`lgani bois maktablardagi ahvolni o`nglash uchun bir necha yil kerak.
Maktab infratuzilmasini qisqa vaqt ichida yaxshilash uchun qo`shimcha mablag` jalb etish lozim. Bu qanday amalga oshirilishi mumkin?
Birinchidan, davlat byudjetidan maktablarni qurish va ta`mirlash uchun ajratiladigan mablag`lar miqdorini oshirish mumkin. Ammo buni amalga oshirish uchun davlat byudjeti imkoniyatlari cheklangan.
Ikkinchidan, maktab binolarini qurish va ta`mirlash uchun homiylar mablag`ini jalb qilish mumkin. Bunda bizga korxona, tadbirkor va aholining yordami kerak bo`ladi.
Uchinchidan, mamlakatimizda maktab infratuzilmasini moliyalashning yangi mexanizmlarini joriy etish kerak. Avval xabar berganimizdek, Xalq ta`limi vazirligi va Osiyo taraqqiyot banki yangi maktablar qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish bo`yicha davlat-xususiy sherikchilik loyihasini ishlab chiqishni muhokama qilmoqda. Mazkur loyiha doirasida xususiy sherikchilik (investorlar) hisobiga davlat maktablarini qurish, rekonstruksiya qilish hamda saqlash ishlari amalga oshiriladi.






