Namanganda ota-onadan qolgan merosni talashish mudhish yakun topdi. Aka o`z ukasining xotini va bolalarini pichoqladi. Bu haqda «Sevimli» telekanalining «Zamon» informasion dasturida ma`lum qilindi.
To`raqo`rg`on tumanida yashovchi Abdurashid A`zamov 2018 yildan beri ota-onasidan meros qolgan uy-joyning buzilishi natijasida qolgan qurilish materiallari va mablag`ni ukasi bilan talashib keladi.
O`sha kuni soat 23:00 lar atrofida spirtli ichimlik ta`sirida yana ukasi bilan gaplashib olish uchun uning xonadoniga boradi. Ukasi Baxtiyorning xotini Gulnora qaynakasining chaqiruviga javob berish uchun uning oldiga chiqib, eri uyda yo`qligini aytadi.
Shunda bu gapdan jahli chiqqan Abdurashid A`zamov kelini Gulnora, jiyanlari Xolida va Gulnozaga yonida olib kelgan pichoq bilan jarohat etkazadi. Olgan tan jarohatlari oqibatida Gulnora va Xolida shu vaqtning o`zida halok bo`ladi. O`z vaqtida ko`rsatilgan tibbiy yordam tufayli Gulnozaning hayoti saqlab qolindi.
«Onamning bo`ynidan qon oqib erda yotardi. Amakim keyin opamga tashlandi. Opamni himoya qilmoqchi bo`lib, ularga yaqinlashganimda menga ham pichoq bilan tashlanib ketdi. To`qqiz joyimga pichoq bilan urdi», — deydi ushbu voqea guvohi Gulnoza.
Jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyati sudida ushbu jinoyat ishi ko`rib chiqildi. Abdurashid A`zamovga sodir etgan jinoyati uchun 25 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi.






