AsosiyJamiyat

Andijonda o`zgalar nomi bilan ish yuritayotgan soxta tadbirkorlar faoliyati oshkor bo`ldi

'Andijonda o`zgalar nomi bilan ish yuritayotgan soxta tadbirkorlar faoliyati oshkor bo`ldi'ning rasmi

Biznes yuritish uchun muhit yildan-yilga yaxshilanib, soliq yuki ham keskin pasaytirilmoqda. Shunday bo`lsa-da, ayrim “uddaburon” fuqarolar qonunlarni chetlab, hujjatsiz faoliyat yuritishni, bu orqali belgilangan me`yordagi soliqlarni to`lashdan qochishga urinmoqdalar.

Andijon shahar davlat soliq inspeksiyasi xodimlari tomonidan joriy yilning 28 oktyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlar huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakil devoni bilan kelishgan holda “Shinam qurilish jihozlari” savdo majmuasidagi “M. N.Q” mas`uliyati cheklangan jamiyatining 156-157-do`konida qisqa muddatli tekshiruv o`tkazilib, aniqlangan holatlar yuzasidan ma`muriy huquqbuzarlik bayonnomasi tuzildi, deya xabar beradi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.

Darvoqe, ushbu jamiyatga qarashli do`kondan xaridorlar o`zi xohlagan turdagi sifatli, bejirim qandil hamda yoritish jihozlarini sotib olishlari mumkin. Shu bois mijozlari ham ko`p. Ammo “brend”ga aylangan ushbu do`kon nomidan ish yurituvchi soxta tadbirkorlar ham yo`q emasligi nazorat tadbirida ma`lum bo`ldi.

Majmuaning 53-54 hamda 95-do`konida shunday jihozlar bilan savdo qiluvchi Farxod Umarov (maqolada ism va familiyalar o`zgartirilgan) va Muxtor Nuralievlardan hujjatlar so`ralganida, “M. N. Q” jamiyatiga qarashli ekanliklarini aytishib, soliq xodimlarini chalg`itishmoqchi bo`lishdi.

"Biznes-ombudsman"ning ruxsati bilan ushbu do`konlar tekshiruvdan o`tkazilganida, ikkovi ham hech qanday hujjatlarsiz tadbirkorlik bilan shug`ullanayotganligi aniqlandi. Boz ustiga “M. N. Q” rahbariyati ham Farxod Umarov va Muxtor Nuralievning jamiyatga umuman aloqasi yo`qligini tasdiqladi.

Shunga asosan, davlat ro`yxatidan o`tmasdan, o`zicha ishbilarmonga aylanib olgan Farxod Umarovning 8 xil turdagi 40 million 821 ming so`mlik qandil va yoritish jihozlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Soliq xodimlarini chalg`itishga uringan yana bir “uddaburon” Muxtor Nuralievning savdoga qo`ygan 28 turdagi 34 million 457 ming so`mlik qandil va xo`jalik mollari sotilishiga chek qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar