Fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 fevraldagi 134-sonli qarori bilan tasdiqlangan Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlari tomonidan arxiv hujjatlarini berish bo`yicha davlat xizmati ko`rsatishning ma`muriy reglamentiga muvofiq, RESPUBLIKAMIZNING ISTALGAN DAVLAT XIZMATLARI MARKAZLARIDA jismoniy shaxslarga fuqarolik holati dalolatnoma yozuvlari (FHDYo) haqidagi (tug`ilish, nikoh, nikohdan ajralish, o`lim, yolg`iz ona, otalikni belgilash, ma`lumotlar mavjud yoki mavjud emasligi haqida va boshqa) ma`lumotnomalarni berish davlat xizmati, Davlat xizmatlari markazlari orqali ko`rsatiladi.
ENDILIKDA JORIY YILNING 28 OKTYaBRDAN boshlab murojaatchilar mazkur davlat xizmatidan eksterritorial tamoyil asosida o`zlariga qulay bo`lgan, istalgan Davlat xizmatlari markazlariga kelgan holda yoki O`zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali mazkur davlat xizmatidan foydalanishlari mumkin.
Ya`ni Toshkent shahrida boshqa hududlardan kelib yashayotgan fuqarolarimiz yuqoridagi ma`lumotlarni olish uchun doimiy ro`yxatda turgan viloyatiga bormasdan Toshkent shahridagi istalgan Davlat xizmatlari markazlari orqali olishi mumkin.
Ovoragarchiliklarga chek qo`yildi hurmatli fuqarolar, endi viloyatingizga borishingizning hojati qolmadi!
Davlat xizmatidan foydalanish uchun Markaz xodimi murojaatchi nomidan so`rovnoma to`ldiradi va so`rovnomaga quyidagilar ilova qilinadi:
pasport yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjat nusxasi;
ariza beruvchi ishonchnoma asosida harakat qilayotganda – ishonchnoma nusxasi;
ariza beruvchining marhumga qarindoshligini tasdiqlovchi hujjatlari;
ariza beruvchi vasiyatnomaga asosan merosxo`r bo`lganda — vasiyatnoma
va marhumning o`limi haqida guvohnoma nusxalari, ariza beruvchi qonuniy vakil bo`lsa – uni tasdiqlovchi hujjat nusxasi ilova qilinadi.
Ariza beruvchi taqdim etgan hujjatlar nusxalari Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan ularning asl nusxalaridan olinadi.
Qarorga ko`ra, davlat xizmatini ko`rsatganlik uchun eng kam oylik ish haqining 5 foizi miqdorida yig`im undiriladi.
Eclatib o`tamiz, ushbu davlat xizmati Toshkent shahridagi istalgan Davlat xizmatlari markazi orqali joriy yilning 7 iyundan foydalanishlari mumkinligi to`g`risida OAVlarda xabar berilgan edi.
Mazkur davlat xizmatidan bugungi kunga qadar jami Toshkent shahri bo`yicha 6 000 dan ziyod murojaatlar Davlat xizmatlari markazlariga kelib tushgan.
Fuqarolardan davlat xizmatini ko`rsatish jarayonida ortiqcha hujjatlar talab etilganda yoki tama`girlik holatlariga yo`l qo`yilganda Davlat xizmatlari agentligining 1148 qisqa raqamli Ishonch telefoniga murojaat etishlari so`raladi.






