AsosiySiyosat

Siyosiy partiyalar Bosh vazir lavozimiga o`z nomzodini ma`lum qildi

'Siyosiy partiyalar Bosh vazir lavozimiga o`z nomzodini ma`lum qildi'ning rasmi

25 oktyabr kuni «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan siyosiy partiyalar, OAV, blogerlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida davra suhbati o`tkazilgan edi.

Unda ma`lum qilinishicha, hozirga kelib siyosiy partiyalar tomonidan saylovda ko`p ovoz to`plangan taqdirda bosh vazir lavozimiga kimni nomzod qilish bo`yicha zaxira shakllantirilgan. Xalq demokratik partiyasi esa ushbu lavozimga bosh vazir o`rinbosari, Transport vaziri Ochilboy Ramatov nomzodini ilgari surmoqchi.

Kun.uz nashri qolgan to`rtta siyosiy partiya rahbarlari bilan bog`lanib, ular bo`lajak saylovlarda ko`proq ovoz to`plagan taqdirda bosh vazir lavozimiga kimning nomzodini ilgari surishlari mumkinligi bilan qiziqdi.

«Adolat» sosial-demokratik partiyasi raisi Narimon Umarovning aytishicha, partiya kengashi ushbu lavozimga bir necha nomzodni tayyorlab qo`ygan. Hozirda Adliya vaziri lavozimida ishlayotgan Ruslanbek Davletov partiyaning bosh vazirlikka ko`rsatishi rejalashtirilgan asosiy nomzodi hisoblanadi.

Bundan tashqari, «Adolat»da partiya a`zolari bo`lgan – Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov hamda Oliy va o`rta maxsus ta`lim vaziri Inomjon Majidov nomzodi ham bor.

Aktam Hayitov O`zbekiston Liberal demokratik partiyasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida ko`p ovozga ega bo`lingan taqdirda O`zbekistonning amaldagi bosh vaziri Abdulla Aripov nomzodi yana bir bor ushbu lavozimga tavsiya etilishini bildirdi.

Uning qo`shimcha qilishicha, Abdulla Aripov – O`zbekiston Liberal demokratik partiyasiga u tashkil bo`lgandan beri a`zo hisoblanadi, shuningdek, partiyaning Siyosiy Kengashi a`zosi hamdir.

O`zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi lideri Alisher Qodirovbu savolga aniq javob bermagan.

«Niyatimiz jiddiy. Jiddiy niyatga to`g`ri hisob-kitoblar bilan erishish mumkin. Qanaqa o`rin olishimizdan qat`i nazar, hukumatga oson bo`lmaydi. Bosh vazir nomzodini tavsiya qiladigan partiyaga ham.

Barcha partiyalar talabchan va jur`atli bo`ladi. Hozirdan nomzodimizni bosimda qoldirish noto`g`ri», dedi A.Qodirov.

Alisher Qodirovning qo`shimcha qilishicha, partiya kengashida mazkur lavozimga tavsiya etilishi mumkin bo`lgan ikki nafar nomzod bo`yicha yakuniy to`xtamga kelingan.

Vazifa bajarilgach, Konstitusiyaning 98-moddasiga muvofiq, Prezident bilan maslahatlashuvlar o`tkazilganidan keyin ulardan birining nomzodi ilgari suriladi.

So`nggi yillarda dunyoning ko`plab davlatlari kabi O`zbekiston ham jiddiy ekologik muammolar bilan to`qnash kelmoqda. Jumladan, Orolbo`yi ekologik fojiasi, er maydonlari sho`rlanib borishi, hosildor erlarning ishdan chiqishi, asosiy ikki suv manbai – Amudaryo va Sirdaryo suvlarining kamayishi va h.k.

Albatta, bu kabi yirik muammolarni birgina jamoat tashkiloti (O`zbekiston ekologik harakati) orqali hal qilish imkonsiz edi. Chunki, ekologik muammolar keng jamoatchilik va hukumatning doimiy e`tiborida turishi lozim bo`lgan soha.

Shu boisdan, siyosiy kuch sifatida yangidan tashkil qilingan O`zbekiston ekologik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlarida ko`proq o`ringa ega chiqsa, hukumat rahbarligi uchun ham zaxira sifatida nomzodlarni tayyorlab qo`ygan.

Xususan, partiya etakchisi Boriy Alixonovga ko`ra, voqealar rivoji «yashillar» kutganidek rivoj topsa, O`zbekiston bosh vaziri lavozimiga «O`zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Odil Temirov, «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ulug`bek Mustafoev hamda «Agromir group» assosiasiyasi direktorlar kengashi raisi Shavkat Jalolov kabi nomzodlardan biri kelishi mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar