Oktyabr oyi hali tugamagan bo`lsada, biroq hozir u juda quruq oy, respublikamiz hududining katta qismida esa O`zbekistondagi meteorologik kuzatuvlar davridagi eng quruq oylardan biri bo`ldi, deb aytish mumkin.
Deyarli butun oy davomida respublikamizda kam bulutli, quruq va shamolsiz ob-havo kuzatildi. Faqat ayrim kunlarda ba`zi joylarga yomg`ir yog`ib, ular asosan kuchsiz va qisqa muddatli bo`ldi.
O`zbekistonda oktyabrning quruq kelishi kuzatilib turadi, ayniqsa bunday holatlar oxirgi yillarda tez-tez takrorlanmoqda. Agar avval oktyabrdagi yog`inlar miqdori me`yordan 30%ni tashkil qiladigan holatlar to`rt yilda o`rtacha bir marta takrorlansa, 2000 yildan boshlab ular 3 yilda 1 marta kuzatilmoqda.
Harorat rejimi bo`yicha bu yilgi oktyabr oyi odatdagidan 1-2 darajaga iliqroq bo`ldi, haroratning keskin o`zgarishlari deyarli kuzatilmadi. Faqat oy o`rtasida harorat birdan 15-20 darajagacha pasayib sovuq tushdi. Eng iliq kunlarda esa havo 23-28 darajagacha, ayrim joylarda 30 darajagacha isidi.
Faqat tonggi salqin oktyabr kuzning o`rtasi ekanini eslatib turdi. Sovuq tushgan vaqtda kechasi va tongda harorat 4-7 darajagacha tushdi, shimoliy hududlarda esa ilk kuzgi ayoz kuzatildi.
Noyabr — kuzning so`nggi oyi, va bu oyga odatda haroratning keskin o`zgarib turishi xosdir. Noyabr oyining o`rtacha harorati oktyabrga nisbatan 5-7 darajaga past. Yog`inlar ko`proq yog`ib, ular davomiy va kuchli bo`ladi. Noyabrda yomg`irning qorga aylanish holatlari ham bo`lib turadi. Tog`li hududlarda ayrim joylarda birinchi qor qoplami shakllanadi, lekin ko`pincha u nobarqaror bo`ladi.
O`zgidrometning jahon ob-havo markazlari ma`lumotlariga tayanib berayotgan dastlabki bahosiga ko`ra bu yilgi noyabr oyi ham harorat, ham yog`inlar rejimiga ko`ra me`yorga yaqin bo`ladi.
Oy davomida harorat kechasi 8-13 daraja iliqdan 0-5 daraja iliqqacha (ayrim joylarda 0-3 daraja sovuq bo`lishi mumkin), kunduzi 20-25 daraja iliqdan 8-13 daraja iliqqacha o`zgarib turadi.
Noyabrning birinchi kunlari O`zbekiston hududida nisbatan iliq havo saqlanib turadi. Bulutlar ko`payib, 1 noyabr kuni respublikaning ayrim joylariga yomg`ir yog`ishi mumkin. 2 noyabrda yog`ingarchiliksiz ob-havo bo`ladi.
3 noyabrdan O`zbekiston hududiga Rossiya hududidan sovuq va nam havo oqimi kirishni boshlaydi. Respublikada yomg`ir yog`ib, shamolning tezligi kuchayadi. 3 noyabrda shimoliy viloyatlarda, 4 noyabrda butun hudud bo`yicha harorat 7-10 darajaga pasayadi.






