2019-yil 24-oktyabr kuni Vladivostok shahrida sodir bo`lgan yong`in oqibatida Buxoro viloyatidan kelgan 3 nafar O`zbekiston fuqarosi O.J., K.T. va J.B. vafot etdi. Bu haqida TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabar qildi.
Konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinganidan so`ng 26-oktyabr kuni hamyurtlarimizning jasadlari “O`zbekiston havo yo`llari” MAKning Vladivostok-Toshkent yo`nalishidagi reysi bilan vatanga yuborildi.
Shuningdek, 27-oktyabr kuni Vladivostok shahri bolalar kasalxonasida sog`ligi holatining yomonlashgani sababli O`zbekiston fuqarosi I.B. vafot etdi.
Bosh konsulxona mazkur vaziyatni nazoratga oldi va O`zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migrasiyasi agentligining Moskva shahridagi Vakolatxonasi bilan birgalikda marhumaning jasadini vatanga yuborish bilan bog`liq masalalarni hal qilmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a`zolari va yaqinlariga ta`ziya bildiradi hamda eslatib o`tadiki, Rossiyaning Uzoqsharqiy federal okrugi (Amur viloyati, Kamchatka o`lkasi, Magadan viloyati, Primore o`lkasi, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Saxalin viloyati, Yahudiy avtonom viloyati, Xabarovsk o`lkasi, Chukotka avtonom okrugi) hududida joylashgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-423-260-48-00, +7-951-018-70-07.






