2019 yil 28 oktyabr kuni "Yormok" konidan kuniga 250-300 ming kub metr dastlabki debit bilan tabiiy gazning sanoat oqimi olindi, deya xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.
"Yormoq" konidagi ishlar O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yilda tasdiqlangan "2017-2021-yillarda mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta ishlab chiqarish Davlat dasturi"ga muvofiq Qashqadaryo neft va gaz mintaqasida iqtisodiyot tarmoqlari va aholini tabiiy gaz bilan ta`minlash uchun xomashyo bazasini ko`paytirish va uglevodorod xomashyosini qazib olishga qaratilgan geologiya-texnik tadbirlar doirasida amalga oshirilmoqda.
Shuni ta`kidlash joizki, 2019 yil boshidan buyon "O`zbekneftgaz" AJ beshta neft-gaz hududlarida geologiya-qidiruv ishlarini muntazam ravishda davom ettirmoqda va buning natijasida 5 ta yangi kon ochilgan. Uglevodorod xomashyosi zaxiralarining o`sishini ta`minlash uchun ilgari ochilgan konlarda qidiruv ishlari davom ettirilmoqda.
Ushbu kon Qashqadaryo viloyati G`uzor tumani hududida joylashgan. Yura davrigacha bo`lgan korbanat neft-gaz qatlamlarini o`rganish uchun joriy yilning 10 martidan boshlab 3-qidiruv qudug`ini burg`ilash boshlangan. Burg`ulash chuqurligi 3300 metrni tashkil etdi. Natijada, quduqni 3 ming metr chuqurlikdan keyin bir qator intervallarda sinovdan o`tkazish jarayonida tabiiy gazning sanoat oqimi qo`lga kiritildi.
Quduqda kelgusi 3 kun ichida istiqbolli qatlam parametrlarini o`rganish uchun gaz kondensati tadqiqotlari o`tkaziladi. Shuningdek, "Yormoq" konida quduqlarni burg`ilash orqali qidiruv ishlarini davom ettirish rejalashtirilgan.






