AsosiyJamiyat

Bojxona hodimlari fuqaroning dori vositalarini noqonuniy tortib oldimi?

'Bojxona hodimlari fuqaroning dori vositalarini noqonuniy tortib oldimi?'ning rasmi

Ma`lumki, respublikamizdagi barcha xalqaro aeroportlarda jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo`yicha “yashil” va “qizil” yo`laklar joriy etilgan.

Bunda eng avvalo, fuqarolar va xorijiy mehmonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, ular uchun bojxona rasmiylashtiruvidan o`tkazish jarayonlarini yanada soddalashtirish va tezlashtirish ko`zlangan.

Xalqaro aeroportlarda xizmat olib borayotgan bojxona xodimlarining muomala madaniyati va bojxona nazorati jarayonining sifatli tarzda amalga oshirilayotganligi to`g`risida yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar ham ijobiy munosabat bildirmoqda.

Shuningdek, bojxonachilar xorijdan davolanib qaytayotgan og`ir bemorlar va nogironlarni ham qisqa fursatda bojxona nazoratidan o`tkazish maqsadida barcha choralarni ko`rishmoqda.  

Toshkent xalqaro aeroportida xizmatni o`tayotgan bojxona xodimlari faoliyati to`g`risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videolavhadagi holat o`rganilganida, joriy yilning 22 oktyabr kuni “Dehli-Toshkent” reysi yo`nalishi bo`yicha parvozini yakunlagan fuqaro A.Sh. qisqa fursatda bojxona nazoratidan o`tish maqsadida «yashil» yo`lak orqali harakatlanganligi ma`lum bo`ldi.

Ammo, yo`lovchining qo`l yuklari va yo`l sumkalari nazorat tartibida zamonaviy skaner qurilmalari yordamida bojxona ko`rigidan o`tkazilganida, bojxona xodimining og`zaki so`rovida ma`lum qilinmagan va yo`lovchi tomonidan taqdim qilingan shifokor reseptida ko`rsatilmagan  11 turdagi dori vositalari borligi aniqlangan. Xususan,

Psoriazga qarshi “Metoksalen” dori vositasi - 59 dona;

Og`riq qoldiruvchi “Diklofenak” dori vositasi - 39 quti;

Infeksiyaga qarshi “Klindamisin fosfat” antibiotigi - 44 quti;

Pigmentlarga qarshi “Pigmento” mazlari - 31 quti;

Bo`y o`stiruvchi “Height grow” dorilari - 48 ta konvalyuta;

Gepatitga qarshi kuchli “Entavir” dori vositasi - 37 quti;

Pigmentga qarshi 17 quti “Pigmento” tabletkalari  va turli nomdagi bir nechta dorilar borligi aniqlandi.

Ushbu dorilarning ichki bozordagi narxlari o`rganilganda ularning umumiy o`rtacha narxi bir necha o`n million so`mni tashkil etishi ma`lum bo`ldi.  

Mazkur holat yuzasidan fuqaro A.Sh. tomonidan berilgan tushuntirishda mazkur dori vositalarini u “Dehli” xalqaro aeroportidagi notanish ayolning iltimosiga ko`ra O`zbekistonga olib kelayotganligini ma`lum qilgan.

Videomurojaatda esa, fuqaro “jigar sirrozi” bilan og`riganligi sababli ushbu dori vositalarini olib o`tganligini ma`lum qilgan. Vaholanki, yuqorida sanab o`tilgan dori vositalarining aksariyati ushbu kasallikni davolashga mo`ljallanmagan.

Bojxona ko`rigidan so`ng fuqaro A.Sh.ga shifokor reseptida ko`rsatilgan barcha dori vositalari hech bir moneliksiz qaytarilgan.

Ta`kidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 8 iyundagi 191-sonli qaroriga muvofiq, jismoniy shaxslar yashash yoki bo`lish mamlakati tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan hujjat taqdim etmasdan shaxsiy foydalanish uchun har biri 5 o`ramdan ortiq bo`lmagan, turli nomdagi 10 tagacha dori vositalarini olib kirishlari mumkin.

Agarda dori vositalarini ushbu miqdordan ortiq olib kirish va olib chiqish zaruriyati tug`ilsa, jismoniy shaxslar bojxona organlariga bo`lish yoki yashash mamlakatining tibbiyot muassasasidan uning shaxsiy foydalanishi uchun mo`ljallangan dori vositasining nomini, uning dorivor shaklini va davolash kursiga tavsiya qilingan miqdorini ko`rsatgan holda muayyan jismoniy shaxsga berilgan hujjatni taqdim etadilar.

O`z navbatida, Davlat bojxona qo`mitasi fuqarolardan bojxona qonunchiligi talablariga to`liq rioya qilishlarini so`rab qoladi va ularning qonuniy huquq-manfaatlarini himoya qilish bo`yicha yaqindan hamkorlikka tayyor ekanligini ma`lum qiladi.

    Boshqa yangiliklar