Avval xabar berganimizdek, Buyuk Britaniyaning Esseks grafligi hududida yuk mashinasi ichidan 39 kishining jasadi topilgan edi. Mashina haydovchisi - Shimoliy Irlandiya fuqarosi, 25 yoshli Mo Robinsonga bu ish bo`yicha qasddan sodir etilmagan qotillik ayblovi e`lon qilindi.Bu haqda daryo.uz sayti bir qator xorijiy OAVlarga tayanib ma`lumot berdi.
Voqea tafsilotlari shunday: Polisiya chorshanba kuni Buyuk Britaniya sharqidagi Esseks grafligining Greys shaharchasidagi sanoat zonasida turgan yuk mashinasi ichidan 31 erkak va 8 ayolning jasadini topgandi.
Shimoliy irlandiyalik haydovchi, 25 yoshli Moris Robinson 28 oktyabrda odam savdosi maqsadida til biriktirish, noqonuniy immigrasiya va pul yuvishga ko`maklashish, shuningdek qasddan bo`lmagan odam o`ldirish ayblovi» bilan sudda javob berishni boshlaydi.
Ushbu qotillik ishi yuzasidan jami 5 kishi qo`lga olingan. Juma kuni Uorrington shahrida odam savdosi jinoyatida gumon qilingan ikki kishi (38 yoshli erkak va ayol), shuningdek, Shimoliy Irlandiyadan 48 yoshli erkak ushlangan.
RTE teleradiokompaniyasi 26 oktyabrda polisiyachilar Dublinda ushbu hodisa bo`yicha yana bir gumonlanuvchi – 20 yoshli yigitni ushlashganini ma`lum qilgan.
Bundan avvalroq Bi-bi-si yuk mashinasida halok bo`lganlar ichida Vetnam fuqarolari ham bo`lgani haqida xabar tarqatgan edi. Marhumlarning qarindoshlari jurnalistlarga, vetnamliklar yuk mashinasida jo`natilgani haqida xabar qilishgan.
«Juda afsusdaman, juda afsusdaman, oyi va dada, mening boshqa mamlakatga safarim omadsizlik bilan yakunlanmoqda. Men o`lyapman, nafas ololmayapman. Men sizlarni juda sevaman», - deya yozgan 26 yoshli Fam Txi Cha Mi.
Qizning akasi Bi-bi-si muxbiriga u kontrabandachilarga Britaniyaga olib borishi uchun 30 ming funt to`lagani haqida aytib bergan.
Vetnam nashrlari taxminan Esseksdagi voqeadan keyin 20 nafar atrofidagi vetnamlikni yaqinlari topa olishmayotgani haqida xabar tarqatdi. «Bedarak yo`qolganlarning yoshi 18dan 45gacha. Biz polisiyaga fotosuratlarni jo`natganmiz», - deya yozilgan VietHome saytida.
Vetnamning Londondagi elchixonasi voqealar rivojini kuzatib borayotgani va Britaniya hukumati bilan doimiy aloqada bo`lib turganini ma`lum qilgan.
OAVning yozishicha, 31 erkak va 8 ayol muzlatgich-furada muzlab qolishgan. Jasadlar topilgan furaning ichidagi harorat minus 25 daraja bo`lgan.






