AsosiyJamiyat

Qarshidagi OTMda 105 talaba kursdan qoldirildi. Bunga o`qituvchining adovati sababmi?

'Qarshidagi OTMda 105 talaba kursdan qoldirildi. Bunga o`qituvchining adovati  sababmi?'ning rasmi

Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutining bir guruh talabalari adolatsizliklar qurboni bo`lishayotgani va 105 nafar talaba o`qituvchining shaxsiy adovati sabab kursdan qoldirilgani aytilmoqda. Bu haqda murojaatchi talabalarga tayanib "Daryo.uz" xabar berdi.

Talabalardan biri – Ma`mur Tilovovning aytishicha kursdan qoldirilishlarigag sabab ko`p dars qoldirishgani ekan. Ma`mur Tilovovning o`zi bir semestrda 90 soat dars qoldirgan bo`lib, 9 ta fandan akademik qarzdorligi mavjud.

— 105 nafar talaba ko`p dars qoldirgani uchun emas, o`tilgan fanlarni o`zlashtirolmagani bois kursdan qoldirildi, — deydi institut axborot xizmati rahbari Zebiniso Nazirova. — Aksariyat talabalar semestr davomida hech qaysi fandan o`tolmagan.

Ma`lum qilinishicha, kursdan qoldirilgan 105 nafar talabaning 42 nafari «Neft-gaz konlari geologiyasi, qidiruv va razvedkasi» fakulteti talabasi hisoblanadi.

Ma`lum bo`lishicha, talaba bir semestr davomida 74 soatdan ko`p dars qoldirsa, bu uni o`qishdan chetlashtirishga sabab bo`lishi mumkin.

— Talabalarga qattiqqo`l bo`lishimiz tabiiy, — deydi Zafar Sunnatov. — Qilmishi uchun jazolamasak, uning noto`g`ri xatti-harakatiga jim qarab tursak, bu xato bo`ladi. Talabalarimiz orasida hatto guruh jurnalini o`g`irlab, yo`q qilib yuborganlari ham topildi. Shu boisdan koyidik, urishdik. To`g`ri yo`lga solishga urindik. Mana shu qattiqqo`llimizni shaxsiy adovat sifatida baholashsa xato qilishadi.

Institut mas`ullarining aytishicha, kursdan qoldirilgan 105 nafar talabaga 3 marta imkon berilgan. Ammo institut talabalari imtihonlarni topshira olmagan. Ular umuman o`qimay qo`ygan.

— Institutni tamomlagan talabalarimiz ishga joylashish uchun korxona va tashkilotlarga, zavodlarga suhbatga borganda oddiy savolga ham javob berolmaydi. O`sha payt uyalib ketamiz, — deydi Zafar Sunnatov. – 2018 yili viloyatdagi nufuzli zavodlardan biriga ishga kirish ishtiyoqida borgan 200 nafar talabaning atigi 2 nafari suhbatdan o`tolgan va ishga joylashgan.

Sobiq talabalar bilan o`qigan kursdoshlarining fikricha, ushbu vaziyatda institut rahbariyati haq.

Kursdan qoldirilgan talabalar bugungi kunda aybini tan olib, mas`ullardan yordam so`ramoqda.

    Boshqa yangiliklar