AsosiyDunyo

IShID rahbari Abubakr al-Bag`dodiy o`ldirilgani rostmi?

'IShID rahbari Abubakr al-Bag`dodiy o`ldirilgani rostmi?'ning rasmi

IShID rahbari Abubakr al-Bag`dodiy amerikalik harbiylar tomonidan Suriyada o`tkazilgan harbiy amaliyot vaqtida o`ldirilgan. Bu haqda Fox News telekanali AQSh ma`muriyatidagi yuqori lavozimli amaldorga tayangan holda xabar tarqatdi.

Telekanal harbiy manbasining so`zlariga ko`ra, Suriyaning Idlib viloyatida AQSh boshchiligidagi harbiy kuchlar tomonidan o`tkazilgan maxsus amaliyot vaqtida «IShIDning muhim ob`ekti» yo`q qilingan. Gap katta ehtimol bilan al-Bag`dodiy haqida ketayotgani tusmol qilinmoqda.

Bu ma`lumotni AQSh prezidenti ma`muriyatidagi boshqa bir manba ham tasdiqlagan.

IShID rahbari halok bo`lgani haqida AQSh Qurolli kuchlari vakiliga asoslangan Newsweek,  o`z manbasiga asoslanib CNN va Reuters ham xabar tarqatdi, deb yozadi kun.uz.

Nashrlarda yozilishicha, Pentagon «yuqori ishonch bilan» Oq uyga 26 oktyabr kuni o`tkazilgan maxsus amaliyot natijasida orasida al-Bag`dodiy ham bo`lgan guruh yo`q qilingani haqida ma`lumot etkazgan. Xabar qilinishicha, prezident bir hafta muqaddam shunday amaliyot o`tkazilishini ma`qullagandi.

Shuningdek, hujum vaqtida terrorchi o`zini portlatib yuborgani haqida ham aytilmoqda. Hozircha hujumga uchragan terrorchilar guruhida bo`lganlarning shaxsini aniqlashtirish ishlari davom etmoqda.

Eron hukumatidagi manba ham Suriya hukumati Tehrondagilarni al-Bag`dodiy o`ldirilgani haqida xabardor qilganini ma`lum qildi.

Bu xabarlar ortidan AQSh prezidenti Donald Tramp ham tvitterdagi sahifasida «juda muhim voqea» sodir bo`lgani haqida yozdi. Lekin u nimani nazarda tutayotganiga aniqlik kiritmadi. Oq uy ham Amerika prezidenti «muhim bayonot» bilan chiqishi kutilayotganini ma`lum qilgan. Prezidentning bu chiqishi mahalliy vaqt bilan soat 9:00ga (Toshkent vaqti bilan soat 18:00) belgilangan.

16 sentyabr kuni al-Bag`dodiy kelgusidagi rejalari haqida gapirib bergani aks etgan audioyozuv tarqalgandi. Bu uning shu yilning bahoridan buyon bergan ilk bayonoti edi. U 2019 yil bahorigacha besh yil davomida chiqish qilmagandi.

Qayd etish kerakki, so`nggi yillarda al-Bag`dodiy og`ir yaralangani, o`ldirilgani yoki asirga olingani haqida ko`p marta xabar tarqalgan. Ammo bu xabarlarning hech biri rasman tasdiqlanmagan edi.

Boshqa yangiliklar