AsosiyJamiyat

"Maqsad yana pul shilishmi?"

'"Maqsad yana pul shilishmi?"'ning rasmi


Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimiz hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro`yxatga olish masalasi keng muhokama qilinmoqda.

Ular orasida “bu tizim o`zi nimaga kerak?“, “Foydalanuvchi uchun nafi qanday?“, “Nima maqsadda joriy qilinmoqda?“, “Maqsad pul ishlashmi?“ kabi savollarga javob izlanmoqda. Mutaxassislarga murojaat qilishdan oldin ba`zi raqamlarni o`rganib chiqamiz.

Davlat statistika qo`mitasining ma`lumotiga ko`ra 2019 yilning o`tgan davrida mamlakatimizga 115 mingta mobil telefon qonuniy yo`l bilan olib kirilgan. Ayni vaqtda esa yurtimizda mobil aloqa abonentlari soni 22 milliondan oshdi.

Butun dunyoda barcha mobil aloqa foydalanuvchilarining 15 foizi har yili o`z uskunalarini almashtiradi. O`zbekistonda 22 million foydalanuvchi bo`lsa, har yili kamida 3 million qurilmani yangilanadi. Biroq, 115 mingta mobil telefon qonuniy yo`l bilan olib kirilgan. Demak, mobil uskunalarini noqonuniy yo`l bilan olib kirilishi juda katta miqdorni tashkil etadi.

Ichki ishlar organlarining ma`lumotiga ko`ra oxirgi uch yilda sodir etilgan o`g`irlik holatining har uchinchisida mobil telefonning yo`qotilishi yoki uni zarar ko`rishi bilan bog`liq faktlar mavjud. Shaxsiy telefonini yo`qotayotganlar soni ortib borayotgani bois nazoratni ta`minlash talab etiladi.

Jarayonni qanday boshqarish mumkin?

Ana shuning uchun yurtimizda yangi amaliyot – xalqaro identifikasiya kodlari bo`yicha mobil qurilmalarni hisobga olish tizimi joriy etiladi.

Bunda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 oktyabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora tadbirlari to`g`risida”gi hamda joriy yilning sentyabr oyida qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi hududida amalga oshirish yoki shaxsiy foydalanish uchun foydalaniladigan, olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro`yxatdan o`tkazish tartibi va shartlari to`g`risida”gi qarorlari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu hujjatlar asosida “O`zbekiston telekommunikasiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” davlat unitar korxonasi tizim operatori va mobil qurilmalarni IMEI-kodlarni ro`yxatdan o`tkazish tartibi tasdiqlandi.

Avtomatik ravishda ro`yxatdan o`tkazish joriy yilning 1 noyabrgacha – ularni mobil aloqa operatorlari tarmoqlariga ulash orqali bepul asosda amalga oshiriladi.

Fuqarolarga qiyinchilik tug`dirmaslik uchun O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi GSM standartidagi to`rtta mahalliy mobil aloqa operatori abonentlariga SMS tarzda xabar yuborildi, - deydi “O`TTBRM” DUK ommaviy axborot vositalari ishlari bo`yicha mutaxassis Zilola Inoyatova.– Agarda abonentlarni mobil qurilmalarida ikki yoki undan ortiq SIM-slotlar bo`lsa, bu degani qurilmada ikki va undan ortiq IMEI-kodiga ega bo`lsa ularni 1 noyabrga qadar faollashtirish zarur. Shu holda mobil qurilmaning barcha IMEI-kodlari avtomatik tarzda tizim tomonidan ro`yxatdan o`tkaziladi.


 

1 noyabrdan boshlab tizim operatoriga murojaat qilish orqali IMEI-kodlarni ro`yxatdan o`tkazish mumkin, 2019-yil 1 dekabrdan ushbu jarayon pulli asosda amalga oshiriladi.


 

Mobil qurilmalarni IMEI-kodlarni SMS va USSD so`rovlar orqali, UZIMEI tizimi operatorida, O`zbekiston Respublikasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (www.my.gov.uz), Pochta aloqa bo`limlarida ro`yxatdan o`tkazish mumkin.

Pul miqdori qancha?

Demak, yuqorida aytib o`tilganidek mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini joriy yilning 1 dekabrdan pulli asosda ro`yxatga olinadi. Pul qiymati qarorda belgilanganidek, import qilib mamlakatimiz hududiga olib kiruvchilar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizi, ishlab chiqaruvchilarga 10 foizi, jismoniy shaxslar uchun 30 kalendar kuni mobaynida murojaat qilsa 20 foizi, 30 kundan oshib ketsa 25 foizini tashkil etadi. O`zbekistonga kelgan sayyohlar uchun 30 kalendar kuni mobaynida bepul, undan keyin 20 foizli to`lov talab etiladi. Bugungi kunda bazaviy hisoblash miqdori 223 000 so`mni tashkil qiladi.

Shu o`rinda, aytib o`tib ketish lozim, mobil qurilmaning IMEI-kodi bir marotaba ro`yxatdan o`tkaziladi. Fuqarolar abonent raqamlarini o`zgartirish niyatlari bo`lgan holatlarda ro`yxatdan o`tgan IMEI-kodni qayta UZIMEI tizimida ro`yxatdan o`tkazish talab qilinmaydi.

Afzalliklar

Ro`yxatga olishning bir qator afzal jihatlari mavjud. Misol uchun, mobil qurilmalarni o`g`irlash bilan bog`liq jinoyatlarni aniqlash darajasini oshirish, ularni noqonuniy yo`l bilan ichki bozorga olib kirilishiga chek qo`yish, kontrafakt qurilmalar, IMEI-kodi qurilmaning haqiqiy modeliga mos kelmaydigan, inson sog`lig`iga katta zarar keltiradigan mobil qurilmani sotuvini oldini olish.

Chetdan keltirilgan mobil qurilmalar

– Chet eldan olib kirilgan mobil qurilmalarni eksportyorlar ro`yxatdan o`tkazadi, –deydi “O`TTBRM” DUK ommaviy axborot vositalari ishlari bo`yicha mutaxassis Zilola Inoyatova.– Agarda jismoniy shaxslar chet eldan sovg`a uchun yoki foydalanish uchun o`zlari bilan qonunga zid bo`lmagan miqdorda mobil qurilmani yurtimiz hududiga olib kirishsa, u xolda qurilmaning IMEI-kodini yoki kodlarini mustaqil ro`yxatdan o`tkazishlari kerak bo`ladi. Shuningdek, mahalliy bozordan mobil qurilma xarid qilishdan oldin uning IMEI-kodini rasmiy veb-saytdan: ww.uzimei.uz yoki SMS va USSD so`rovlari orqali tekshirib olish tavsiya etiladi.Shuni ta`kidlab o`tish lozim, 1 noyabrdan O`zbekiston hududiga noqonuniy yo`l bilan olib kelingan, IMEI-kodi aniqlamagan mobil qurilmalar ro`yxatdan o`tkazilmaydi. Qayd etish joizki, UZIMEI tizim GSMA xalqaro assosiasiyasi bilan hamkorlikda ish olib boradi. GSMA bazasiga 43 mamlakatning 118 ta mobil operatori ulangan bo`lib,davlatlar orasida integrasiya yo`lga qo`yilgan. Demak, ichki ishlar bo`limlarini so`rovlari asosida o`g`irlangan deb tan olingan mobil qurilmani IMEI-kodini “qora ro`yxatga” kiritilsa, GSMA ga a`zo bo`lgan davlatlar hududida bu qurilma uchun mobil operatorlar xizmatlaridan foydalanishga imkoniyati bo`lmaydi. Bir gap bilan aytganda, GSMA bilan axborot almashuvi boshqa mamlakatlar hududida o`g`irlangan yoki yo`qolgan qurilmalarni ishlatishni cheklash imkonini beradi.

Qaysi qurilmalar ro`yxatdan o`tadi?

– Tizimdan ro`yxatdan o`tadigan qurilmalar nomi belgilab qo`yilgan, - deydi Zilola Inoyatova.–Sodda qilib aytsak, fuqarolarning qo`lida bo`lgan smartfon yoki tugmachalik telefonlar va SIM-modulli planshetlarni IMEI-kodlari UZIMEI tizimida ro`yxatdan o`tkazish talab qilinadi.

Tizim to`liq amalga oshirilganda, ichki bozorda sog`lom raqobat muhiti shakllanadi va kelgusida dunyodagi eng yirik mobil qurilma ishlab chiqaruvchi kompaniyalarining bozorga rasmiy kirishi ta`minlanadi. Bu degani O`zbekistonda sifatli qurilma xarid qilish, xizmat markazlari ochilishi xamda ishlab chiqaruvchilar belgilagan narxda mobil qurilmalarni sotib olish imkoni yaratadi.

Tugallanmagan yana bir savol ko`pchilikni o`ylantirmoqda. Ya`ni mobil telefon egalari ushbu uskuna uchun keyinchalik soliq ham to`laydimi?

Qarorda bu xizmatning pulli ekani haqida aytilmagan edi, qaysi asosga ko`ra aholi soliqlarni to`lab olgan daromadi hisobiga xarid qilingan qurilma uchun pul to`lab ro`yxatdan o`tkazishi kerak? Pulli xizmatni hamma uchun majburiy qilinishi nega kerak?

Bu borada mutaxassislarning izoh berishicha,jismoniy shaxslar o`zlari olib kelgan mobil telefonnigina ro`yxatdan o`tkizishadi. Qolgan holatlarda importyor yoki ishlab chiqaruvchilarning o`zlari ro`yxatdan o`tkazib, xaridorga taqdim etadi. Aks holda xaridorlarni ishonchi bo`lmaydi, chunki qurilma noqonuniy yoki o`g`irlangan bo`lishi mumkin. Shuning uchun bu jismoniy shaxslar uchun hech qanday qiyinchilik keltirmaydi va IMEI-kodni soliq ro`yxatiga olish yo`q narsa. Shunchaki, bu iste`molchini ishonchini qozonishda tadbirkorni marketing usuliga aylanadi.

Ayni paytda qo`lida mobil qurilmasi bo`lgan mijozlar joriy yilning 1 dekabriga qadar bo`lgan muddatda bu xizmatdan tekin foydalanishi uchun vaqt berilgan.

    Boshqa yangiliklar