AsosiyJamiyat

"Ilk bora baxshi va chanqovuz ovozini eshitdim..."

'"Ilk bora baxshi va chanqovuz ovozini eshitdim..."'ning rasmi

Toshkentning Mirzo Ulug`bek tumanidagi qator maktablarda O`zbekiston Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yoshlarda harbiy vatanparvarlik ruhini tarbiyalash borasidagi vazifalar ijrosi yuzasidan ijodiy uchrashuvlar o`tkazildi.

Xususan, tumandagi 222 va 256-sonli umumta`lim maktablariga O`zbekiston davlat san`at va madaniyat instituti talabalarining tashrifi amalga oshirildi. Mudofaa vazirligining mas`ul ofiserlari hamrohligidagi bu uchrashuvlar maktab jamoasi va o`quvchilar uchun haqiqiy san`at kuniga aylandi. Boisi, institutning xalq baxshichiligi, an`anaviy xonandalik, kino va teatr yo`nalishida tahsil olayotgan talabalar o`z chiqishlari bilan san`atning naqadar ulug`ligini, unga oshno tutingan kishi qalbi faqat ezgulikka to`la bo`lishini yana bir bor isbotlashdi.

– Biz shaharda tug`ilib, shu erda voyaga etyapmiz, – deydi 222-maktabning 10-sinf o`quvchisi Kamolaxon Azimova. – Shu paytgacha xalq amaliy cholg`u asboblari haqida ko`p narsa bilmasdik. Baxshichilik asosan vohada rivojlangan. Televizorda ularni ko`rganman; tog`u adirlar qo`ynida doston aytishadi. Shaharda, ko`p qavatli binolar atrofida doston aytilayotganini esa ko`rmaganman. Bugun o`sha tasavvurimdagi an`ana «buzildi». Ilk bor doston aytayotgan baxshi, chanqovuz ovozini eshitdim. Biram xursandman! Tag`in jonli! Bilasizmi, To`maris momolarimiz ko`z o`ngimda gavdalandi.

Uchrashuvda xalq dostonlaridan termalar aytildi, chanqovuz sadosi butun maktabni tutdi. Estrada yo`nalishidagi zamonaviy ashulalarning baxshichilar tilidan, ular ohangida jarang sochgani esa o`quvchilar uchun yangilik bo`lib, iliq kutib olindi. 

Shu kuni bu kabi tadbirlar tumanning 18 ta umumta`lim maktabida o`tkazilib, Mudofaa vazirligi sport klubi sportchilari va harbiy xizmatchilar tomonidan sport bo`yicha ham o`quvchilar o`rtasida musobaqalar tashkillashtirildi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar