2020-yilda Respublikamizdagi 2514 ta maktab yangicha tartibda attestasiyasidan o`tkaziladi. Bu haqida 24-oktyabr kuni “Umumiy o`rta va maktabdan tashqari t`lim tashkilotlarini attestasiyadan o`tkazish – ta`lim sifatini oshirishning muhim omili” mavzusidagi Respublika seminarida ma`lum qilindi.
Ma`lumki, umumiy o`rta ta`lim maktablarida ta`lim sifatini oshirishning asosiy omillaridan biri sifatida o`quvchilarning sifatli bilim olishlari uchun etarlicha shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega.
Ta`lim muassasalarining attestasiyasi ayni shu maqsadga yo`naltirilgan bo`lib, unda o`quvchilarning etarlicha bilim olishlari uchun muassasada yaratilgan sharoitlarga baho beriladi. Attestasiya jarayonida o`quvchilarning bilim darajasi, o`qituvchilarning salohiyati, ish hujjatlarining yuritilishi, o`quv va laboratoriya xonalarning jihozlanishi o`rganilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish choralari ko`riladi. Bu borada ota-onalarning fikrlari va o`quvchilarning talablarini inobatga olgan holda maktabni rivojlantirish bo`yicha “yo`l xarita”lari belgilanib, amalga tatbiq etiladi. Pirovardida ta`lim muassasasidagi sharoitlar yaxshilanib, ta`lim sifati oshishiga erishiladi.
Ma`lum qilinishicha, umumiy o`rta ta`lim maktablarini 2020-2024-yillarda attestasiyadan o`tkazish grafigi tasdiqlandi hamda attestasiyadan o`tkazish mezonlari ishlab chiqildi.
Ushbu grafik va mezonlar asosida 2020-yil davomida 2514 ta umumiy o`rta ta`lim maktablari attestasiya va davlat akkreditasiyasidan o`tkaziladi.
Umumiy o`rta ta`lim maktablarini attestasiyadan o`tish davriyligi 9 yildan 5 yilga, attestasiya davomiyligi esa 10 kundan 3 kungacha qisqartirildi.
25.10.2019 08:30
2020-yilda 2514 ta maktab yangicha tartibda attestasiyasidan o`tkaziladi






