Ijtimoiy tarmoqlarda “Avto 60 oy” MChJ rahbari Jamshid Bahodirovning asossiz ravishda qo`lga olinganligi haqida xabarlar tarqaldi. Shuningdek, mazkur jamiyat xodimlari ham rasmiy telegram kanallari orqali o`z rahbarlari aybsiz ekanligini aytib oqlab chiqishgandi.
Kundan-kunga muhokamalar maydoniga aylanib borayotgan mazkur masalaga IIV huzuridagi Tergov departamenti oydinlik kiritdi.
Azizbek Dolixodjaev, IIV huzuridagi Tergov departamenti bo`lim boshlig`i:
— “UzAuto Motors” kompaniyasining Ichki ishlar vazirligiga yo`llagan murojaati asosida vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan “Avto 60 oy” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 188-1-moddasi, ya`ni “pul mablag`larini jalb qilishda noqonuniy faoliyat” asosida jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Olib borilgan tergov harakatlari davomida MChJning bosh ofisi va 11 ta viloyatdagi filiallarida tegov-tintuv harakatlari o`tkazildi. Ushbu tintuv-tergov harakatlarini o`tkazishdan maqsad, avtomashina sotib olish uchun navbatga turganlar doirasini, shuningdek, ushbu shaxslar tomonidan qancha, qaysi avtomashinaga, qanday shartlar asosida to`lov qilganliklarini aniqlash lozim bo`lgan.
Ayni paytda jamiyatning hisob raqamiga mablag` kirim qilish mumkin, ammo chiqim imkoniyatlariga cheklov qo`yildi. Bu ham bo`lsa, mablag`larning o`zlashtirilib ketilishini oldini olishdir.
Aniqlanishicha, joriy yil may oyida tashkil qilingan “Avto 60 oy” MChJ oktyabr oyiga qadar 40 mlrd. so`mga yaqin kirim qilgan. Ushbu pullardan 24,6 mlrd. so`mni “Qibray Avto Servis” AJga 318 ta avtomashina uchun o`tkazib bergan. Ushbu mablag`dan faqat 9,6 mlrd. so`mlik 130 ta avtomashina olgan. Ayni paytda “Qibray Avto Servis”ning “Avto 60 oy” MChJdan 188 ta avtomashina uchun 14,9 mlrd. so`mlik qarzi bor.
Rahbari Bahodirov Jamshid jamiyat hisob raqamidan 2 mlrd. so`mni naqd pul ko`rinishida chiqarib olgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatgan.
Bundan tashqari o`z nomiga ochilgan YaTT hisob raqamiga 1,6 mlrd. so`mni o`tkazib olgan. 17 ming nafar fuqaro oldida mashina etkazib berish majburiyati bo`lsada, 3,6 mlrd. so`mlik mablag` qandaydir maqsadlarda ishlatilgan.
Shuningdek, olingan ma`lumotlarga ko`ra, Bahodirov Jamshid oldin ham sudlangan. U 2014 yilda jinoyat kodeksining 164-moddasi, ya`ni bosqinchilik jinoyati bo`yicha ayblangan. O`rganishlar shuni ko`rsatmoqdaki, “Avto 60 oy” MChJning moliyaviy holati shartnomadagi avtomashinalarni etkazib berish salohiyatiga ega emas. Ana shu holatlardan so`ng va tergov tugallangach yakuniy xulosa berilishi ma`lum qilindi:
— Jamiyatga pul to`lovchilar mablag`ini jinoyat tajovvuzidan himoyalash maqsadida tashkilot faoliyatini o`rganish bo`yicha hujjatli taftish tanlangan. Bahodirov Jamshidga nisbatan Jinoyat kodeksining talablaridan kelib chiqib, sud hukmiga ko`ra ayblov yoki oqlov e`lon qilinadi.






