2019 yilning 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida O`zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta`qiqlangan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimning bir guruh a`zolari jinoiy faoliyatiga chek qo`yildi. Bu haqda IIV Axborot xizmati xabar berdi.
Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, ushbu shaxslarning bir necha nafari muqaddam ta`kidlangan oqim sifatida noqonuniy faoliyat bilan shug`ullanganligi bois jazo muddatini o`tab chiqqan bo`lib, mamlakatimiz hukumati tomonidan ko`rsatilayotgan ijtimoiy, huquqiy va ma`naviy ko`makka qaramasdan jinoiy til biriktirib, aholi orasida noqonuniy targ`ibot olib borib, “Jihodchilar” oqimining g`oyalarini tarqatganlar hamda shu yo`l bilan saflarini kengaytirishga qaratilgan g`ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etganlar. Shuningdek, ular yurtimizdagi yoshlar ongini zaharlab, o`zlarining aqidaparastlik g`oyalarini singdirib, jinoyat sodir etishga chorlaganlar.
Hibsga olingan shaxslarning yashash manzillarida ekstremistik mazmundagi adabiyotlar mavjudligi aniqlangan va ular prosessual tartibda olib qo`yilgan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan bo`lib, tergov-surishtiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ma`lumot uchun, “Jihodchilar” DEO g`oyalarida kishilar ongidan milliy urf-odatlarni yo`q qilish, qabriston va ziyoratgohlarga borishni man etish, barcha qonun-qoidalarni faqat Qur`on va shariat asosida o`z talqinlarida bo`lishini ta`minlash hamda mavjud siyosiy tuzumni ag`darib tashlash va shariatga asoslangan davlatni qurish aks etgan.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan “Jihodchilar” diniy-ekstremistik oqimi tashkiloti faoliyati O`zbekiston Respublikasi hududida ta`qiqlangan tashkilotlar ro`yxatiga kiritilgan.
Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo`l qo`ymaslik maqsadida buzg`unchi g`oyalar ta`siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da`vatlarga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari, saqlamasliklari va tarqatmasliklarini so`raymiz.
Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining “Minjust.uz” nomli veb-saytida ekstremistik va terroristik tashkilotlar haqidagi ma`lumotlar e`lon qilib borilayotganligini ma`lum qilamiz.
Avvalroq, 16 oktyabr kuni Andijon, Namangan, Farg`ona viloyatlariida istiqomat qiluvchi O`zbekiston Respublikasi hududida faoliyati ta`qiqlangan «Xizb ut-Taxrir» diniy-ekstremistik tashkilotining bir guruh a`zolari jinoiy faoliyatiga chek qo`yilgani xabar berilgandi.






