AsosiyJamiyat

Turkiyadagi va u erga ketayotgan O`zbekiston fuqarolari ogohlantiriladi

'Turkiyadagi va u erga ketayotgan O`zbekiston fuqarolari ogohlantiriladi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti mamlakatimiz fuqarolarining Turkiya Respublikasi bojxona va chegara nazorat punktlarida, jumladan aeroportlarda Turkiya hududiga belgilangan me`yordan ko`proq miqdorda tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirishga urinish faktlari bo`yicha qo`lga olinish holatlariga e`tibor qaratdi.
 

Shu munosabat bilan Turkiya hududida belgilangan me`yordan ortiq tamaki va alkogol mahsulotlarini olib kirgan shaxslarga nisbatan Turkiya Respublikasi Jinoyat kodeksi “Kontrabanda” moddasi bo`yicha jinoiy ish ochiladi. Sud Qaroriga muvofiq mazkur shaxslar jinoiy ish sodir etgan deb hisoblanadi va ularga nisbatan olti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish va ma`muriy jarima to`lash jazolari qo`llaniladi.


Sudning yakuniy qarori chiqqunga qadar Turkiya hududidan deport qilingan va sud hukmiga ko`ra aybdor deb topilgan shaxslar Turkiya vakolatli organlarining ma`lumotlar bazasiga qidiruvdagi shaxs sifatida kiritiladi va davlat chegarasini kesib o`tish chog`ida qo`lga olinadi.
Shu munosabat bilan TIV Konsullik-huquqiy departamenti hamyurtlarimizni tamaki, alkogol va boshqa mahsulotlarni olib kirish bo`yicha Turkiya Respublikasining bojxona qoidalariga amal qilishga chaqirmoqda.
 

Ma`lumot uchun ayni paytda “Yolcular İçin Gümrük Rehberi” (“Yo`lovchilar uchun bojxona yo`lko`rsatgichi”) mobil ilovasi ishlayotganini ma`lum qilamiz. Turkiya tomoni ishlab chiqqan mazkur ilova Turkiyaga kelayotgan yoki undan chiqib ketayotgan chet el fuqarolari uchun amaldagi bojxona qonunchiligiga muvofiq olib kirish va olib chiqish mumkin bo`lgan narsalar, mahsulotlar, pul va qimmatbaho buyumlar bo`yicha eng zarur ma`lumotlar bilan tez tanishib chiqish imkonini beradi.


“Yolcular İçin Gümrük Rehberi” mobil ilovasi internetga ulanishni talab qilmaydi, avtonom tartibda ishlaydi hamda turk, ingliz, rus, nemis va arab tillarida ma`lumot taqdim etadi. Ilovani “Google Play Store”va “Apple Store”dan bepul yuklab olish mumkin.

Turkiya Respublikasi hududiga 18 yoshdan oshgan fuqarolar tomonidan bojxona to`lovlarisiz olib kirish mumkin bo`lgan mahsulotlar:
a) Tamaki mahsulotlari:
1. Sigaretlar – 600 dona
2. Sigarillalar (har bir sigarillaning og`irligi 3 grammdan oshmasligi kerak) – 100 dona.
3. Sigaralar – 50 dona.
4. Kesilgan tamaki (200 dona sigaret qog`ozi bilan) – 250 gramm.
b) Alkogol va alkogol mahsulotlari:
1. Tarkibida alkogol 22%dan yuqori bo`lgan alkogol va alkogol ichimliklari – 1 litr.
2. Tarkibida alkogol 22%dan kam bo`lgan alkogol va alkogol ichimliklari – 2 litr.
c) Kosmetika mahsulotlari:
1. Maksimum 600 ml. – hojatxona suvi, odekalon, lavanda, atir yoki loson, teri uchun 5 ta vosita, makiyaj uchun vosita.
d) Oziq-ovqat mahsulotlari:
1. Choy – 1 kg.
2. Tayyor eriydigan kofe – 1 kg.
3. Kofe – 1 kg.
4. Shokolad – 1 kg.
5. Shakardan tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari – 1 kg.

    Boshqa yangiliklar