AsosiyJamiyat

Boyqo`ng`irda raketa parvozi O`zbekiston ob-havosiga ta`sir qiladimi?

'Boyqo`ng`irda raketa parvozi O`zbekiston ob-havosiga ta`sir qiladimi?'ning rasmi

Respublika Gidrometeorologiya xizmati markazi Boyqo`ng`irda amalga oshiriladigan raketa parvozlari O`zbekiston ob-havosiga ta`sir qiladi degan fikrlarga oydinlik kiritdi. Quyida markaz bergan izohni havola qilmoqdamiz.

" Ushbu fikr tarafdorlari ob-havo o`zgarishlari raketa parvozlari bilan to`g`ri kelgani to`g`risida ko`p misollar keltirishlari mumkin, biroq hech qanday parvoz bo`lmasada, ob-havo keskin o`zgargani, yoki, aksincha, raketa parvozlari meteorologik vaziyatga hech qanday ta`sir ko`rsatmagani to`g`risida indamaydilar.

Shubhasiz, raketa-kosmik texnikadan foydalanish tabiiy muhitga ta`sir ko`rsatadi va insoniyat oldiga ana shu ta`sirni o`rganish bo`yicha ma`lum vazifalarni qo`yadi. Ekologlar, biologlar, tibbiyot xodimlari o`z sohalari bo`yicha muammoni o`rganmoqdalar. Ayniqsa raketa qismlari erga tushadigan hududlarda ko`p tadqiqotlar o`tkaziladi. Bu tadqiqotlar kosmik faoliyatning atrof muhitga sezilarli salbiy ta`sirini aniqlamadi.  Shunday bo`lsada, bu borada aniq bir xulosa qilish uchun materiallar etarli emas.

Biroq olimlar ob-havo sharoitlarining shakllanishi uchun “javobgar” bo`lgan global atmosfera jarayonlariga, shuningdek  iqlim o`zgarishlariga raketa tashuvchilar parvozi ta`sir ko`rsatmasligi to`g`risida yakdildir. Faqat bulutlar, tuman, muzliklar yoki qor qoplamiga sun`iy ta`sir etish maqsadida amalga oshiriladigan parvozlar bundan mustasno.  

Raketalar parvozining atmosferaga ta`sir etish ko`lamini ob-havo o`zgarishlariga sabab bo`ladigan sinoptik ob`ektlar ko`lami bilan solishtirib bo`lmaydi. Agar kosmik parvozlarni ob-havo nuqtai nazaridan muhokama qiladigan bo`lsak, bunda avvalambor sun`iy yo`ldoshlar yordamida olinadigan bebaho meteorologik ma`lumot  to`g`risida gapirish kerak."

    Boshqa yangiliklar