Xorazm viloyati, Xiva shahridagi 3-maktab ma`muriyati o`qituvchi va o`quvchilardan “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a`zolik badali yig`ib olayotgani haqidagi ma`lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda tarqatildi.
Mazkur ma`lumot Xorazm viloyati xalq ta`limi boshqarmasi ishchi guruhi tomonidan o`rganildi va o`rganish natijasida quyidagilar aniqlandi:
Mavjud holatni aniqlashtirish maqsadida maktabda faoliyat olib borayotgan har bir o`qituvchi, kuzatuv kengashi a`zolari bilan suhbatlashildi va maktab direktori Sh.Rajabov tomonidan “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga a`zolik badallarini to`lash masalasi bo`yicha hech qanday yig`ilish o`tkazilmaganligi, shuningdek o`qituvchi va o`quvchilar to`lovlarni majburiy tarzda amalga oshirishlari lozimligi, to`lovni amalga oshirmagan taqdirda chora ko`rilishi bo`yicha xech qanday topshiriq bo`lmaganligi aniqlandi. Maktab jamoasi tarmoqlarda yoritilgan bunday holatga hech qanday aloqalari yo`qligini ta`kidladilar. Bu haqda Xorazm viloyat xalq ta`limi boshqarmasi Matbuot xizmati xabar bergan.
Maktab direktori tomonidan jamg`arma hisobiga ixtiyoriy ravishda yig`ilgan pul mablag`i ko`rsatilgan hisob raqamiga o`tkazilgan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 1 avgustdagi “O`zbekiston “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyati faoliyatini takomillashtirish to`g`risida”gi 210-son qaroriga hamda Ustaviga asosan jamiyatning asosiy mablag`lari a`zolarining a`zolik badallaridan tushgan mablag`lardan shakllantirilishi, ixtiyoriy ravishda o`quvchi-yoshlar uchun a`zolik badali yiliga bir marotaba eng kam oylik ish haqining ikki foizi, pedagog va boshqa xodimlar uchun a`zolik badali yiliga bir marotaba eng kam oylik ish haqining to`rt foizi miqdorida yig`ilishi belgilab qo`yilgan.
A`zolik badali yig`ilishi ixtiyoriy ravishda 10 yoshdan boshlab amalga oshiriladi va a`zolik badallaridan tushgan mablag`larning 25 foizi boshlang`ich tashkilot, 25 foizi tuman (shahar) bo`linmalari, 25 foizi mintaqaviy bo`limlar va 25 foizi jamiyatning Markaziy kengashi xarajatlarini qoplash uchun yo`naltiriladi.






