Vashingtonda O`zbekiston Investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umrzoqov hamda AQSh savdo vaziri U.Ross o`rtasida uchrashuv o`tkazildi.
Uchrashuvda O`zbekiston va AQSh o`rtasida o`zaro savdoning hozirgi holati hamda savdo aylanmasi hajmini oshirishning istiqbolli mexanizmlari yuzasidan fikr almashildi.
Bu borada investisiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlik yo`lida to`siqlarni bartaraf etish hamda mavjud masalalarni tezkor hal etish uchun idoralararo darajadagi doimiy aloqalarning zarurligi e`tirof etildi.
Muloqot chog`ida o`zbek tomoni umumiy qiymati 1,5 milliard dollarga teng 60 nomdagi tovar nomenklaturasi bo`yicha O`zbekistonning AQShga eksporti hajmini oshirish orqali o`zaro savdoni jadallashtirish taklifini bildirdi.
Bu taklif ijobiy baholanib, o`rganish uchun qabul qilindi. Kelgusida savdo kelishuvlari va shartnomalarini ishlab chiqish uchun hajmi ko`rsatilgan holda eksportga mo`ljallangan mahsulotlar ro`yxati AQSh savdo vazirligi rahbariyatiga topshirildi.
Amerikalik hamkasblar taklif etilgan tovarlar savdosi bo`yicha Amerika bozorining ehtiyojini puxta o`rganish hamda o`zbekistonlik ishlab chiqaruvchilarning Amerika bozoriga chiqishiga ko`mak ko`rsatishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Uchrashuv doirasida shuningdek, tashqi iqtisodiy va tashqi savdo faoliyatiga mas`ul vazirlar ishtirokida “S5+1” formatida vazirlar darajasidagi davlatlararo aloqalar platformasini tashkil etish orqali AQSh va Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik darajasini oshirish taklif etildi.
Uchrashuvda O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirishini Amerika tomonining qo`llab-quvvatlashi bilan bog`liq masalalar alohida muhokama etildi.
Uchrashuv yakuni bo`yicha o`zaro savdoni jadallashtirish va masalalarni tezkor hal etish bo`yicha doimiy birgalikda ishlashni ta`minlash maqsadida AQSh savdo vazirligi hamda O`zbekiston Investisiyalar va tashqi savdo vazirligining yuqori darajadagi ekspertlaridan tashkil topgan idoralararo ishchi guruhini tuzish to`g`risida qaror qabul qilindi.






