AsosiyJamiyat

Mikroavtobuslarga lisenziya berish to`xtatiladi, degan noto`g`ri fikrga izoh berildi

'Mikroavtobuslarga lisenziya berish to`xtatiladi, degan noto`g`ri fikrga izoh berildi'ning rasmi

Bugungi kunda mamlakatimizda aholiga ko`rsatilayotgan transport xizmatlari sifatini oshirish, yo`lovchilarni o`z vaqtida manzillariga xavfsiz etkazib qo`yishni tashkil etish maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Joylardagi avtostansiyalar rekonstruksiya qilinmoqda, yangilari barpo etilib shaharlararo yo`nalishlarda muntazam avtobus qatnovlari tashkil etilmoqda. Amalga oshirilayotgan islohotlardan ko`zlangan asosiy maqsad aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish, ularning uzog`ini yaqin qilish, farovonligini ta`minlashdan iboratdir.

Respublikamizda ham yo`l harakati barcha ishtirokchilarining xavfsizligini ta`minlash, avtomobil transportida yo`lovchilarni tashishda yo`l-transport hodisalariga yo`l qo`ymaslik maqsadida 2019 yil 21 may kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yo`lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini ta`minlashga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi 424-son qarori qabul qilindi. Mazkur qarorning 1-bandiga muvofiq 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo`lgan avtobuslarda yo`lovchilarni tashishga lisenziya kartochkalari berilishiga yo`l qo`yilmasligi hamda 2021 yil 1 yanvardan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo`lgan avtobuslarda yo`lovchilarni tashish taqiqlanganligi belgilangan. 

Tahlillar shuni ko`rsatmoqdaki bugun mamlakatimizda foydalanish muddati 15 yildan oshgan 351 ta avtobus mavjud. Ayrim tadbirkorlar tomonidan mablag`larni tejash maqsadida bu kabi transport vositalariga o`z vaqtida lozim darajada texnik xizmat ko`rsatilmasligi va ta`mirlash ishlarining olib borilmasligi kabi holatlar kuzatilayotgan edi. Aynan ushbu qaror bilan esa eskirgan va texnik holati belgilangan talablarga javob bermaydigan avtobuslar bosqichma-bosqich foydalanishdan chiqarilmoqda. Yurtimiz avtobus parkini yangilash borasida olib borilayotgan ishlar samarasi o`laroq transport korxonalari tomonidan joriy yilning o`zida 778 ta yangi avtobuslar sotib olindi. Bulardan 482 tasi o`rta sig`imli ISUZU avtobuslari bo`lsa, qolgan 296 tasi shaharlararo va xalqaro yo`nalishlarda qatnovlarni amalga oshirishga mo`ljallangan katta sig`imli YUTONG, GOLDEN DRAGON va boshqa rusumdagi zamonaviy avtobuslardir.

Yuqoridagi qarorning qabul qilinishi ortidan ayrim transport uyushmalari va ularga a`zo haydovchilar o`rtasida endi foydalanish muddati 15 yildan oshgan mikroavtobuslarga ham lisenziya berish to`xtatiladi, degan noto`g`ri fikr yuzaga kelgan. Ana shunday holat Sirdaryo viloyatida kuzatildi. Viloyat transport boshqarmasi rahbariyati tomonidan ushbu qaror mazmun-mohiyati transport uyushmalari rahbarlariga to`liq tushuntirilmaganligi qolaversa, lisenziya berish jarayonida ortiqcha sansolarlikka yo`l qo`yilishi mikroavtobus haydovchilarining haqli e`tirozlarini keltirib chiqardi. Ushbu holat yuzasidan Transport vazirligining avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti va yuridik boshqarmasi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh joriy yilning 5 oktyabr kuni Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida yo`lovchi tashuvlari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan uyushma rahbarlari va haydovchilar bilan sayyor qabul o`tkazdi. Qabul davomida ishtirokchilarga qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi.

Shuningdek, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxascislar tomonidan batafsil javob berildi. Haydovchilar bilan bo`lib o`tgan ochiq muloqotda ular lisenziya varaqalari olish uchun o`zi a`zo bo`lgan uyushmalar orqali hududiy transport boshqarmasiga belgilangan tartibda ariza bilan murojaat etmagani oydinlashdi. Ishchi guruhi tomonidan barcha haydovchilarga lisenziya olish tartib qoidalari yana bir bor batafsil tushuntirib o`tildi hamda viloyat transport boshqarmasiga barcha uyushma rahbarlariga bu kabi masalalarda haydovchilarning huquqiy savodxonligini oshirib borish va kelib tushgan arizalar bo`yicha o`z muddatida lisenziya varaqalarini taqdim etish bo`yicha ko`rsatma berildi. Uchrashuv davomida Sirdaryo viloyati transport boshqarmasi rahbari Oybek Erbekov haydovchilardan ularning ish faoliyati davomida yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so`rab, bu kabi holat boshqa takrorlanmasligini ta`kidlab o`tdi. 

    Boshqa yangiliklar