Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani hududida avtomashinada piyodani urib, unga yordam ko`rsatish o`rniga voqea joyidan qochib ketgan haydovchi topildi.
Bu haqda viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmatiga tayanib ma`lum qilinmoqda. Ma`lum bo`lishicha, shanba – 19 oktyabr kuni tungi soat 01:00 larda noma`lum avtomashina haydovchisi “Bektemir-Chirchiq-G`azalkent-Chorbog`” avtomobil yo`lining 10 kilometr qismida piyodalar o`tish joyidan o`tayotgan fuqaroni urib yuborgan.
Bo`stonliq tumanidan poytaxt tomonga harakatlanib kelayotgan haydovchi jabrlanuvchi – 1971 yilda tug`ilgan fuqaro X.I hayotini xavf ostida qoldirib, voqea joyidan qochib ketgan.
Avtohalokat oqibatida fuqaroX.I boshmiya chayqalishi, bir necha qovurg`alar sinishi va bir necha boshqa jarohatlar bilan og`ir ahvolda Yuqori Chirchiq tumani markaziy shifoxonasiga joylashtirilgan.
Toshkent viloyati IIBBYHXB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor surishtiruv va qidiruv ishlari natijasida shu kunning o`zida piyodani urib yuborgan avtomashina markasi va uning haydovchisi aniqlangan.
Mazkur yo`l transport hodisasini 1988 yilda tug`ilgan fuqaro A.B o`z boshqaruvidagi avtomashinasida sodir etgani, voqea joyida qolgan bo`laklar ushbu avtomashinaga tegishli ekani aniqlandi.
O`zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 117-moddasi (Xavf ostida qoldirish)ga ko`ra, hayoti yoki sog`ligi xavf ostida qolgan va o`zini o`zi himoya qilish imkoniyatidan mahrum bo`lgan shaxsga yordam ko`rsatmaslik, basharti, aybdor bunday ahvoldagi shaxsga yordam berishi shart va bunday imkoniyatga ega bo`lsa yoxud aybdorning o`zi jabrlanuvchini xavfli ahvolga solib qo`ygan va bu hol badanga o`rtacha og`ir yoki og`ir shikast etkazilishiga olib kelsa, uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilangan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.






