O`zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi elchixonasida O`zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqidagi” qonuni qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan yig`ilish o`tkazildi. Bu haqda O`zA muxbiri xabar bermoqda.
Tadbir avvalida O`zbekiston elchisi Ergash Shoismatov barcha yig`ilganlarni o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy tabrikladi.
- O`zbekiston taraqqiyotining bugungi yangi bosqichi, milliy yuksalish davri talablaridan kelib chiqib, ona tilimiz – o`zbek tilining jamiyatdagi o`rni va nufuzini oshirish bo`yicha respublikamizda keng ko`lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi O`zbekiston Respublikasining Tojikiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ergash Shoismatov. – Xususan, so`nggi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o`zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o`rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo`llanish doirasini kengaytirish, filolog kadrlarni tayyorlash ishlarini yangi pog`onaga ko`tardi.
Tojikiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari Ato Mirxoja, Tojikiston Kompozitorlar uyushmasi a`zosi, O`zbekiston Milliy konservatoriyasining faxriy professori Asliddin Nizomiy, Tojikiston Respublikasi Hukumati qoshidagi Til va terminologiya komiteti vakili Rahim Zulfoniyon so`zga chiqishib, elchi janoblari va u kishining timsolida butun O`zbekiston xalqini ushbu bayram munosabati bilan chin dildan muborakbod etdi.
Tadbirda Tojikistonda ham o`zbek tilini rivojlantirish borasida qator ishlar qilinayotgani, jumladan, respublikada ta`lim jarayoni o`zbek tilida olib borilayotgan maktablar soni 272ta, tojik va o`zbek tillarida faoliyat yuritadigan umumta`lim muassasalari 597tani tashkil etishi, shuningdek, tojik-o`zbek-rus, tojik-o`zbek-qirg`iz va tojik-o`zbek-turkman tillaridagi maktablar mavjudligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Tojikiston Respublikasi oliygohlarida o`zbek tili va adabiyoti fakulteti hamda bo`limlarining faoliyat yuritayotgani, o`zbek tilidagi o`nlab gazeta-jurnallar, teleradiodasturlarning efirga uzatilayotgani tojikistonlik o`zbeklar uchun o`z ona tilidan erkin foydalanish borasida yaratib berilgan imkoniyat deya baholandi.






