Xabaringiz bor, 2019 yil 11-12 oktyabr kunlari O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisi bo`lib o`tgan edi. Unda mamlakatimizni rivojlantirish, xalqimizning turmush sifatini yanada yaxshilashga qaratilgan muhim masalalar ko`rib chiqilgandi. Qolaversa, inson manfaatlariga yo`naltirilgan qator qonunlar muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma`qullangandi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma uchinchi yalpi majlisida ma`qullangan qonunlar va muhokama qilingan boshqa masalalar yuzasidan qabul qilingan qarorlarning, shuningdek Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari sayloviga tayyorgarlik ko`rish va uni o`tkazish bo`yicha saylov qonunchiligining mazmun-mohiyatini aholiga etkazish maqsadida hozirgi kunda Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida keng jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazishmoqda.
2019 yil 21 oktyabr kuni Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo`mitasi raisi Botir Matmuratov hamda Senat a`zosi Guliston Annaqilicheva qabul qilinayotgan me`yoriy-huquqiy hujjatlarni aholining keng qatlamlari orasida targ`ib qilish, shuningdek ularning muammolarini o`rganish va hal qilish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi Xo`jayli tumani va Nukus shahrida uchrashuvlar o`tkazishdi. Uchrashuvlarda mazkur qonunlar demokratik islohotlar va yangilanishlarni izchil amalga oshirishning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlashga, shuningdek xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatli ekanligi ta`kidlandi.

Bundan tashqari, senator Guliston Annaqilicheva O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilinganining o`ttiz yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti hamda Nukus shahridagi “Berdax” konsert zalida o`tkazilgan tadbirlarda ishtirok etdi va ma`ruza qildi.
Eslatib o`tamiz, Senat a`zolarining keng jamoatchilik bilan uchrashuvlari davom etmoqda.






