AsosiyJamiyat

Toshkentda “Spark”ni olib qochgan shaxs Qashqadaryoda qo`lga olindi

'Toshkentda “Spark”ni olib qochgan shaxs Qashqadaryoda qo`lga olindi'ning rasmi

 

Ilgariroq Toshkent shahar IIBB Mirobod tumanidagi ko`chalardan birida haydovchi tomonidan qoldirilgan “Spark” avtomobilini olib qochganlikda gumonlanuvchi shaxsni qidiruvida fuqarolardan ko`mak so`ragan edi.

Eslatib o`tamiz, 13-avgust kuni soat 20.30 da 102 raqamiga 35 yoshli Jamshid A. qo`ng`iroq qilib, noma`lum shaxs uning “Spark” avtomobilini olib qochganligini ma`lum qildi. Avtomobil Mirobod tumani T. Shevchenko ko`chasida joylashgan Temir yo`l boshqarmasi yonida qoldirilgan edi. Haydovchi kalitni o`t oldirgichda, eshikni esa ochiq qoldirgan bo`lgan. Avtomobil yo`qolgani fakti asosida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi (“Transport vositasini olib qochish”) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi.

Mashina olib qochilgan hududda o`rnatilgan videokameralarga olib qochilgan vaqt va olib qochgan shaxsning yuzi tushib qolgan edi. Gumonlanuvchini qo`lga olish bo`yicha choralar ko`rilgach, avtomobil texnik soz holatda 14 avgust kuni Uchtepa tumani Yusuf Sakkokiy ko`chasida topildi.

Xabarga ko`ra, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida gumonlanuvchining shaxsi aniqlanib, u 28 yoshli qashqadaryolik Sherzod J. ekanligi ma`lum bo`ldi. Gumonlanuvchi qo`lga olinib, tergov tadbirlarini olib borish uchun poytaxtga olib kelindi.

 

    Boshqa yangiliklar