Bosh prokuratura huzuridagi Departament Xovos tuman bo`limi tomonidan olib borilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Guliston paxta tozalash” AJ mansabdor shaxslari, bosh energetigi A.H. va boshqalar bir guruh bo`lib, o`zlariga ishonib topshirilgan va ixtiyorida bo`lgan jamiyatning juda ko`p miqdordagi mol-mulklarini talon-toroj qilishganligi fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar qilmoqda.
Xususan, jamiyat bosh energetigi A.H. o`ziga ishonib topshirilgan 16 dona elektrodvigatellarni talon-toroj qilgan bo`lsa, jamiyat mansabdor shaxslari va boshqalar tomonidan hisobot hujjatlariga o`tgan yilgi paxta terish mavsumida haqiqatda tashilmagan 86 tonna paxta xom ashyosini transport korxonalari tomonidan tashilganligi qo`shib yozilishi natijasida, 95,6 mln. so`m ortiqcha to`lov to`langan, shuningdek, “S.K.” xususiy korxonasi bilan tuzilgan pudrat shartnomasiga asosan haqiqatda bajarilmagan qurilish-montaj ishlari uchun 231,8 mln. so`m mablag`larni o`tkazib berilishi oqibatida, jamiyatning 539,9 mln. so`mlik mulklari talon-toroj qilinganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan “Guliston paxta tozalash” AJ mansabdor shaxslari, bosh energetigi A.H. va boshqalarga nisbatan JKning 167-moddasi jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlar o`tkazilmoqda.






