Davlat statistika qo`mitasi axborotiga ko`ra, 2019 yilning yanvar—sentyabr oylarida O`zbekistonda avtomobil benzini ishlab chiqarish hajmi 13,2 foizga kamaydi. Ma`lumot uchun, 2018 yilning shu davrida 873,2 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo`lsa, 2019 yilda bu ko`rsatkich 758,1 ming tonnani tashkil etdi.
Dizel yoqilg`isini ishlab chiqarish hajmida ham pasayish kuzatildi — 5,4 foiz. 2018 yilda 806,8 ming tonna dizel ishlab chiqarilgan bo`lsa, 2019 yilda — 763,4 ming tonna. Shu bilan birga, O`zbekiston 2019 yil yanvar—sentyabrida neft qazib olishni 2018 yilning shu davriga nisbatan 6,5 foizga 524,9 ming tonnagacha qisqartirdi.
2019 yil yanvar—sentyabr oylarida tabiiy gaz qazib olish qariyb 45,05 milliard kub metrni tashkil etdi, bu 2018 yilning shu davriga nisbatan 0,8 foizga kam. 2019 yil yanvar—sentyabr oylarida O`zbekiston 1,56 million tonnadan ortiq gaz kondensati qazib oldi, bu 2018 yilning shu davriga nisbatan 3,3 foizga kam.






