O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi va Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida 25-26 oktyabr kunlari Buxoro shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta`lim maktabida Mirzo Ulug`bek nomidagi matematika olimpiadasi o`tkaziladi.
Mazkur olimpiada O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hamda “Matematika ta`limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo`llab-quvvatlash, shuningdek O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosini ta`minlash maqsadida tashkil etiladi. Olimpiada umumiy o`rta ta`lim muassasalarida matematika faniga qiziqishi yuqori bo`lgan iqtidorli o`quvchilar o`rtasida bo`lib o`tadi.
Buxoro shahrida o`tkaziladigan Mirzo Ulug`bek nomidagi matematika olimpiadasida 2018-2019 o`quv yilida asosiy fan olimpiadasining III bosqichida g`olib bo`lib (1-2-3-o`rin va 76 balldan yuqori natija ko`rsatgan), hozirgi kunda umumiy o`rta ta`lim maktablarining 10-11-sinf, akademik liseylarning 1- va 2-bosqich hamda kasb-hunar kollejlarining 3-bosqichida tahsil olayotgan 100 nafardan ortiq iqtidorli o`quvchilar ishtirok etadi.






