Joriy yilning 6 – 21 oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo`shin razvedkachilari o`rtasida o`tkazilgan xalqaro tanlovda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi britaniyalik, nepallik va shveysariyalik hamkasblari bilan birga birinchi o`rinni qo`lga kiritdi (tanlov shartiga ko`ra har bir sovrinli o`rin bir nechta jamoaga berilishi ham mumkin).
Ikkinchi o`rin Buyuk Britaniya, Fransiya va Hindiston jamoalariga, uchinchi o`rin ham mezbonlarga nasib etdi. Mazkur musobaqada 39 mamlakatdan jami 144 ta jamoa qatnashdi (mezbon davlat tanlovda 63 ta jamoa bilan ishtirok etdi).
9 bosqichdan iborat tanlov davomida ishtirokchilar navigasiya vositalarisiz Kembriya tog`lari bo`ylab 25 kg yuk bilan 70 km masofaga marsh yurish, 1000 metrdan ortiq balandlikka ko`tarilish va 750 metrlik pastlikka tushishni amalga oshirdilar. Bunda ularning etakchilik qobiliyati, amaliy ko`nikmasi, ruhiy va jismoniy quvvati sinovdan o`tdi.
Marsh yurish davomida har bir jamoa, tog`li va suv to`siqlaridan o`tish, hudud razvedkasini olib borish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va ularni yo`q qilish bo`yicha o`quv-jangovar operasiyalarni amalga oshirish, shartli yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko`rsatish, noqonuniy kuchlar tomonidan garovga olinganlarni ozod etish, murakkab tog`li hududlarda pistirmalarni tashkil etish kabi vazifalarni bajardi.
Kecha, 21 oktyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O`zbekiston vakillarini tantanali kutib olish tadbirida Mudofaa vazirligi mas`ul ofiserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, o`quvchi yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Ta`kidlash joizki, bu – razvedkachilarimizning ilk g`alabasi emas. 2018 yilda ham «Kembriya patruli» xalqaro tanlovida vatandoshlarimiz tengsiz ekanliklarini isbotlashgan. Joriy yilda soha mutaxassislari o`rtasida o`tkazilgan musobaqalar: Qozog`istonda “Oltin ukki” va Hindistonda “Qo`shin razvedkasi a`lochilari” bellashuvlarida ikkinchi o`rin aynan yurtdoshlarimizga nasib etgandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






