Prezident Shavkat Mirziyoev o`zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o`ttiz yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimda “Toshkent-Siti”ni barpo etish g`oyasi haqida so`zlab berdi.
“O`zbekistonning zamonaviy qiyofasini yaqqol namoyon etadigan yangi bino va imoratlar bugun barcha shahar va viloyatlarimizda ko`plab qad ko`tarmoqda. Albatta, ularning orasida “Toshkent-Siti” ishbilarmonlik markazi alohida ajralib turadi.
Guvoh bo`lib turganingizdek, “Toshkent-Siti” markazi o`zining me`moriy qiyofasida shaharsozlik san`atining eng so`nggi yutuqlarini, arxitektura, muhandislik va dizaynerlik borasidagi noyob va ulkan salohiyatni yaqqol mujassam etadi.
Maydoni 80 gektardan iborat ushbu markazni qurishdan asosiy maqsad – zamonaviy, “aqlli shahar” barpo etish, xalqaro, xorijiy va mahalliy bank-moliya tuzilmalari va investorlar uchun jonajon Vatanimiz, birinchi navbatda, go`zal poytaxtimiz jozibadorligini oshirishdan iborat.
Biz O`zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko`tarish maqsadida ishlab chiqilgan Harakatlar strategiyasini izchil amalga oshirayotganimizdan xalqimiz va xalqaro hamjamiyat yaxshi xabardor, albatta. “Toshkent-Siti” markazini barpo etish g`oyasi ham, aynan o`sha strategiya bilan bir paytda tug`ilgan edi.
O`zbekiston tajribasida birinchi bo`lgan shunday katta miqyosdagi va noyob loyihani amalga oshirish uchun ko`p narsani yangitdan o`rganishimiz, tinimsiz izlanishga to`g`ri keldi.
Qurilish maydoni 1 million 600 ming kvadrat metrga teng bo`lgan yangi markazning 30 foizini uy-joylar, 30 foizini ofislar uchun binolar, yana 30 foizini savdo majmualari, 10 foizini mehmonxonalar fondi tashkil etadi.
Barchangiz ko`rib turibsiz, bugun bu hududda ulkan bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. Nasib etsa, 2021 yilda qurilish ishlari to`liq yakunlanib, ushbu markaz xalqimizga va poytaxtimiz mehmonlariga xizmat qilishni boshlaydi.
Qisqacha aytganda, “Toshkent-Siti” markazi O`zbekistonda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlangani, bu sohada biz ko`p narsaga qodir ekanimizni ko`rsatadi, desak, ayni haqiqat bo`ladi.
Hozirgi vaqtda O`zbekiston o`zining ochiq va konstruktiv siyosati bilan mintaqamizdagi yirik siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazga aylanib bormoqda. Jahondagi nufuzli xalqaro tashkilot va tuzilmalar, moliyaviy institutlar, ishbilarmon doiralar tomonidan O`zbekistonda qator tadbirlar, anjuman va uchrashuvlar o`tkazilmoqda. Tabiiyki, kelgusida bu jarayonlar yanada kuchayadi, O`zbekiston yana ko`plab yirik xalqaro sammitlar, forum va simpoziumlarga mezbonlik qiladi.
Shu ma`noda, ushbu muhtasham majmua nafaqat davlatimiz, balki xalqaro ahamiyatga ega bo`lgan yangi g`oya va tashabbuslar tug`iladigan, muhim tarixiy hujjatlar qabul qilinadigan maskanga aylanadi, deb ishonamiz”.
Prezident “Toshkent-Siti”ning bunyodkorlariga – mohir me`mor va loyihachilarga, ishchi-muhandislarga, chet ellik mutaxassislarga, barcha ishtirokchilarga chuqur minnatdorchilik bildirdi.






