AsosiyJamiyat

ChOYXONALARNING BIR KUNLIK TUShUMI QANChA?

'ChOYXONALARNING BIR KUNLIK TUShUMI QANChA?'ning rasmi

Soliqlarni o`z vaqtida to`lagani – tadbirkorning to`la-to`kis qonuniy faoliyat yuritayotganini ifoda etmaydi. Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan xronometraj tadbirlari davomida bu yana o`z isbotini topdi.

 

Andijon shahridagi “E.L.G” (maqoladagi joy nomlari o`zgartirilgan) mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli choyxona xodimlarining qo`li qo`liga tegmaydi. Doimo mijozlar bilan gavjum. Negadir, savdodan tushadigan mablag`ining cho`g`i kam. Kuniga 1 million 700 ming so`m atrofida pul topshirardi, xolos. Davlat soliq xizmati xodimlarining xronometraj - ko`zdan kechirish tadbirlari o`tkazgan kuni esa, o`rtacha kunlik tushum 4 million 500 ming so`mdan oshib ketdi. Shuningdek.  choyxonaning 3 kishiga konvert usulida maosh berib kelayotganligi aniqlanib, ular rasmiylashtirildi.

 

Andijon shahridagi yana bir choyxonaning xizmat ko`rsatishi ham ko`pchilikka manzur. Nomi butun vodiyga tanilgan. Andijonga kelganki, albatta, shu choyxona oshini emasdan ortiga qaytmaydi.  Biroq, “X.O.N” mas`uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli ushbu umumiy ovqatlanish shahobchasi ham bankka pul topshirishga kelganda, “xasislik” qiladi.  Mijozlari ko`p bo`lishiga qaramay, tushumini atigi 2 million 576 ming so`m ko`rsatgan.  

 

Xronometraj - ko`zdan kechirish ushbu choyxonaning bir kunlik tushumi aslida qancha ekanligini aniqlab berdi. Tadbir o`tkazilgan kunlari o`rtacha tushum avvalgilarga nisbatan, qariyb 2 yarim barobarga ortib, 5 million 860 ming so`mni tashkil qildi.

 

Shundoqqina Andijon-Xonobod katta magistral yo`lining chetidagi Xo`jaobod tumanida joylashgan yana bir umumiy ovqatlanish korxonasi ham  kunlik  savdo tushumini kam ko`rsatgan. “Bir kunda bor-yo`g`i 472 ming so`mlik savdoni amalga oshiramiz”, deya o`zlarini bechorahol ko`rsatishga urindilar. Doimo mijozlar bilan band choyxonada tushum bunday bo`lishiga hech kim ishonmasligi aniq. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan o`tkazilgan tadbirda choyxonaga bir kunda o`rtacha 1 million 845 ming so`mdan ortiq mablag` tushishi aniqlandi.

 

“D.B” MChJga qarashli shahardagi choyxona egasi esa faoliyat yuritayotgan bo`lsa-da, umuman pul topshirmayotganligini “Mijozni o`rgatolmayapmiz, shekilli. Tushum yo`q”, deya izohladi. “Karvon ko`p, rizqi bo`lak”, deganlariday, uning ham o`z mijozlariga egaligi, xronometraj mobaynida ko`rindi. Kunlik tushumi ham chakki emas: 1 million so`mdan ortiq.

 

Soliq to`lashdan qochib, “chap cho`ntagi”ni o`ylaganlarning “hunarlari”, baribir, oshkor bo`ladi. Xalqimizda “Insof sari baraka”, degan hikmatli gap bor. Naqd pulni yashirmay, tushumlari qancha bo`lsa, barini ro`y-rost, aniq ko`rsatib ish yuritgan tadbirkorning topganiga baraka kiradi.  

 

Andijon viloyati davlat soliq

boshqarmasi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar