Turkiyaning O`zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Surayyo Er “Tinchlik chashmasi” operasiyasiga o`z munosabatini bildirdi, deya xabar beradi elchixona matbuot ishlari bo`yicha maslahatchisi Davut Gazi Benli.
“Avvalo 9 oktyabr kuni boshlangan “Tinchlik Chashmasi” operasiyasining muvaffaqiyat bilan davom etayotganini qadrli O`zbekiston jamoatchiligiga etkazishni, qo`llab-quvvatlaganlari uchun qardosh o`zbek xalqiga va O`zbekiston Davlatiga minnatdorligimizni bildirishni istayman, – deydi janob elchi o`z murojaatida. – Terrorning har qanday turiga qat`iyan qarshi bo`lgan Turkiya bu borada Suriyadagi barcha terroristik guruhlarga qarshi, ularni ajratmagan holda kurashmoqda. Turkiya IShIDga qarshi kurashda xalqaro koalisiyaga qo`shilibgina qolmay, IShID bilan maydonda yakkama-yakka to`qnashgan yagona davlat bo`lib, 4000 dan ortiq IShID terroristini bir o`zi yo`q qilgan. Turkiya faqat o`zi joylashgan mintaqaga emas, qardosh O`zbekiston kabi uzoq va yaqin jug`rofiyadagi davlatlar boshiga ham ta`riflab bo`lmaydigan kulfatlar keltirgan IShID va unga o`xshash mal`un terrorchi tashkilotlarni o`z inlarida yo`q qilish va bu kulfatlarning boshqa takrorlanmasligini ta`minlash uchun barcha imkoniyatlarini safarbar etdi.
Boshqa tomondan xalqaro hamjamiyatning e`tiborinini IShID qadar tortmasa-da, Suriyada faoliyat olib borayotgan boshqa bir terroristik tashkilot PYD/YPG va uning turli bo`linmalaridir. Ko`pchiligi Firat daryosining sharqiy hududidan mamlakatimizga qarshi yuzlab hujumlar uyushtirgan bu terroristik guruhlar o`n yillardan beri mamlakatimizda o`n minglab begunoh insonlarning o`limiga sababchi bo`lgan qonli PKK terroristik tashkilotining Suriyadagi bo`linmasidir.
PYD/ YPG faqatgina Turkiyaga hujum qilish bilan cheklanmasdan, Suriya xalqiga qarshi, xususan mamlakatning shimoliy hududlaridagi ko`p sonli tinch aholining o`limiga va jarohatlanishiga sabab bo`lgan terroristik hujumlarni amalga oshirgan.
Turkiyaga qarshi olib borgan xoinona harakatlarida turli terrorchi guruhlar bilan hamkorlik qilgan, o`z manfaati uchun, Raqqa shahrida bo`lganidek IShIDga mansub terroristlarni ozod qilgan va ular bilan ittifoqqa kirgan bu terrorchi guruh nazoratni qo`lga kiritgan joylarda insonlarni uy-joysiz qoldirgan va zo`rovonlikka asoslangan zulmkor boshqaruv o`rnatgan.
“Tinchlik Chashmasi” operasiyasi ana shunday sharoitda amalga oshirilmoqda. Maqsadimiz - Turkiyaning chegara xavfsizligini ta`minlash, Suriyaning shimoliy hududlarida terrorchi guruhlar makon topgan bir koridorning paydo bo`lishini oldini olish va mintaqadagi mahalliy xalqni terrorchilarning qo`lidan qutqarishdir. To`rtdan bir qismi PKK /YPG terroristik tashkilotining ishg`oli ostida bo`lgan Suriyaning hududiy butunligiga va siyosiy birligiga erishishiga hissa qo`shishdir.
BMT Nizomining 51-moddasiga binoan qonuniy mudofaa choralari doirasida amalga oshirayotganimiz bu operasiyada biz uchun ustuvor bo`lgan narsa oddiy fuqarolarning va begunoh xalqning hech qanday zarar ko`rmasdan terroristlarning changalidan qutqarilishidir. Terroristlar oddiy fuqarolardan jonli qalqon sifatida foydalanish kabi turli yo`llarni qo`llashlariga qaramay, askarlarimiz katta mahorat va ehtiyotkorlik ko`rsatmoqdalar. Bundan avvalgi muvaffaqiyat bilan amalga oshirilgan “Firat qalqoni” va “Zaytun novdasi” operasiyalarida bo`lgani kabi, operasiyada faqatgina terrorchi unsurlar aniqlik bilan nishonga olinmoqda.
Operasiyaning yana bir maqsadi – Suriyaning shimoliy hududlarining terroristlardan tozalanib, xavfsiz zona holiga keltirilganidan keyin 300 ming nafari suriyalik kurdlar bo`lgan va mamlakatimizda himoyaga olingan 4 millionga yaqin suriyalikning bir qismini, o`z ixtiyorlariga ko`ra xavfsiz shu zonaga joylashtirish maqsadida mamlakatlariga qaytishlarini ta`minlashdir. Xususan, ulardan 365 ming nafari “Firat qalqoni” va “Zaytun novdasi” operasiyalari doirasida Jerablus va xavfsiz holga keltirilgan boshqa zonalarga o`z istaklari bilan qaytishgan edilar.
Shuni esda tutish kerakki, Suriya aholisining 5,5 million nafari xorijda boshpana topishga majbur bo`lgan, 6 million nafari esa mamlakat ichida boshqa joylarga ko`chib o`tishgan. Boshqacha aytganda, uylarini tark etishga majbur qilingan 12 million kishi, ya`ni Suriya aholisining yarmidan ko`prog`i “etnik muhandislikdan” jabrlanganlardir. Ularning orasida anchagina musulmon bo`lmagan fuqarolar va mamlakat aholisining 10 foizini tashkil etuvchi xristianlar ham mavjud. “Tinchlik Chashmasi” operasiyasi ayni vaqtda, terroristlarning “demografik muhandisligi” natijasida yarmi uylarini tashlab ketishga majbur qilingan, mamlakat aholisining asl namoyandalari hisoblangan musulmon bo`lmagan aholining Suriyaga, uylariga qaytishlarini ta`minlashni maqsad qilib qo`ymoqda.
Operasiyaning maqsadi va pirovardi haqida sog`lom bir tushunchaga ega bo`lish uchun Turkiyaning faqatgina o`z hududlarida himoyasiga olgan fuqarolarnigina emas, ayni paytda Suriyada yashayotgan 3 millionga yaqin suriyalikka ham, ya`ni mamlakatning uchdan bir foizini tashkil etuvchi aholiga ham qo`lidan kelgan yordamni ko`rsatganini, terrordan tozalagan joylarda maktablar, kasalxonalar, bog`chalar barpo qilish bilan infratuzilmani rivojlantirish, “yuqori tuzilmalarni” qayta tiklashga yordam berish bilan qayta oyoqqa turg`azishga harakat qilayotganini, shu maqsadlarda 40 milliard dollarlik mablag` o`tkazganini ko`rish kifoyadir.
Suriyaning shimolida tashkil etilishini istayotganimiz Xavfsiz Zona bo`yicha qarashlarimizga qo`shilgan Suriya Milliy Koalisiyasi, Suriya Muvaqqat Hukumati, kurd va xristiyan liderlarini ham o`z ichiga olgan mintaqa xalqi va rasmiy vakillari tomonidan qo`llab-quvvatlanayotganimiz armiyamizga ma`naviy kuch bag`ishlamoqda.
Turkiyaning terrorga qarshi kurashi Suriyaning hududiy butunligi, xavfsizligi va barqarorligi uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu kurashning ayni paytda xalqaro tartib, tinchlik va barqarorlikka hissa bo`lib qo`shilajagi qo`shimcha izoh talab qilmaydi.
Terror afsuski, chegara tanimaydigan, okeanlarni va cho`llarni oshib o`tuvchi global bir muammodir. U Turkiya yoki boshqa davlat demasdan, Suriyada, Nyu-Yorkda yoki O`rta Osiyoda har onda bir bo`shliq topib, pand berish niyatida. Shu sababli xalqaro hamjamiyat birgalikda harakat qilishi, terrorni qaerda paydo bo`lishidan qat`iy nazar, birgalikda, qo`lni qo`lga berib qat`iyat bilan bartaraf etishimiz kerak. Faqatgina so`nggi 4 yil ichida Turkiya ichkarisida 7 500 nafar, Turkiya tashqarisida 8 500 nafar jami 16 000 nafar terroristning yo`q qilinganligini eslashning o`zi bu global tahdidning bartaraf etilishiga mamlakatimizning qo`shgan hissasini namoyon etadi.
Turkiya, Suriyadagi terrorizmning har xil ko`rinishiga qarshi kurash olib bormoqda, operasiya doirasida IShID unsurlarining yo`q qilinishiga va hibsda tutib turilgan IShID terroristlarining qo`yib yuborilishining oldini olinishiga katta ahamiyat bermoqda.
Qaerdan va kimdan kelsa kelsin, ortida qaysi kuch turishidan qat`iy nazar terrorning barcha ko`rinishini la`natlash ham axloqiy, ham insoniy, hamda siyosiy majburiyatdir. Bundan o`zni olib qochish va “ishga yaragan terrorist” deb ajratish faqatgina noto`g`ri bo`libgina qolmay, ayni paytda xalqaro hamjamiyat va dunyoda tinchlik o`rnatish uchun hayotiy darajada xavflidir.
Turkiya milliy xavfsizligini ta`minlagunga qadar, oddiy xalqni terroristlarning changalidan qutqarib, mintaqani terrordan tozalagunga qadar O`zbekiston kabi ittifoqchi va do`stlarining qo`llab-quvvatlashlari bilan kurashda davom etishda qarori qat`iydir. Etnik, ideologik, diniy, siyosiy va boshqa ildizlariga qaramay, terrorning har qanday turiga qarshi olib borayotgan qat`iy kurashimizda, xalqaro hamjamiyatning ayni nuqtai nazar bilan bizni oxirigacha qo`llab-quvvatlashi va shu bilan terror qarshisida bahamjihat bo`lganini ko`rsatishi dunyoda tinchlikni ta`minlash uchun aslo ko`z yumib bo`lmaydigan hayotiy ahamiyatga ega bir majburiyatdir”.






