AsosiyJamiyat

IIV Bekoboddagi voyaga etmagan qizlar o`rtasidagi janjal yuzasidan axborot berdi

'IIV Bekoboddagi voyaga etmagan qizlar o`rtasidagi janjal yuzasidan axborot berdi'ning rasmi

Joriy yilning 17 oktyabr kuni “Facebook” internet ijtimoiy tarmog`i orqali “Toshkent viloyati Bekobod shahar ixtisoslashtirilgan san`at maktabining 4 qiz va 1 yigit talabasi, bir qizni urib tan jarohati etkazgan” nomli xabar tarqalgan edi, deya xabar beradi IIV Axborot xizmati.

Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi ma`lumot berishicha, joriy yilning sentyabr oyidan buyon ijtimoiy tarmoq orqali tanish bo`lgan Toshkent viloyatining Bekobod shahrida joylashgan 11-sonli ixtisoslashtirilgan sanat maktabining 2003 yilda tug`ilgan o`quvchi qizlari M.A. va D.Z. (Ruxshona) o`rtasida turli kelishmovchiliklar bo`lib turgan. Kelishmovchilikni bartaraf etish maqsadida, D.Z. tanishlari bilan M.A.ni maktab hovlisining holi hududiga chaqirib, ular gap talashib qolishadi. Natijada ular o`zaro janjallashib ketishadi. D.Z. M.A.ni bir-ikki marotaba urib, turtib yuborgan vaqtida M.A. muvozanatini yo`qotib, beton qoplamaga peshonasining chakka qismi bilan yiqilgan. Ushbu holatda D.Z.ning tanishlari ularni ajratishgan.

Yiqilib tan jarohati olgan M.A. tanishi bilan Bekobod shahar Markaziy shifoxonasiga borgan.

Shundan so`ng, 21 sentyabr kuni M.A.ning dugonasi 2004 yilda tug`ilgan N.M. uni shifoxonaga ko`rgani borib, M.A.ning noroziligiga qaramasdan ijtimoiy tarmoq orqali D.Z. va uning tanishi “Nozima” ismli qizning fotosuratlarini “Qidirilmoqda” izohi bilan tarqatgan hamda shaharning jamoat joylari peshtaxtalariga yopishtirgan.

Holat yuzasidan D.Z.ning hatti-harakatlarida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasida (“Qasddan badanga engil shikast etkazish”) ko`rsatilgan jinoyat alomatlari mavjud bo`lsa-da, D.Z. voyaga etmaganligi uchun Jinoyat kodeksining 17-moddasiga muvofiq D.Z. hamda N.M.ning onalariga nisbatan, farzandlarini tarbiyalash va ta`lim berish borasidagi majburiyatini etarli bajarmaganligi sababli, O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 47-moddasi 1-qismiga asosan, to`plangan hujjatlar shahar hokimligi qoshidagi “Voyaga etmaganlar bilan ishlash komissiyasi”ga yuborilgan.

 

    Boshqa yangiliklar