Kecha, 19 otyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Samarqand aeroportida bojxonachilar fuqarolar yukini guvohlarsiz noqonuniy ochib tekshirmoqda” sarlavhasi ostida xabar va videotasvir tarqatilgan. Ushbu xabar va videotasvir bo`yicha Davlat bojxona qo`mitasi quyidagilarni ma`lum qildi.
Ma`lumki, 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab, respublikamizdagi barcha xalqaro aeroportlarda jismoniy shaxslar uchun bojxona hududiga kirib kelish va uni tark etish bo`yicha “yashil” va “qizil” yo`laklar joriy etildi.
Xususan, Samarqand xalqaro aeroportida ham 2018 yil 1 yanvardan boshlab ikki yo`lakli tizim to`liq amaliyotga tadbiq etilgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasi orqali o`tkazish punktlarida ikki yo`lakli tizimni qo`llash tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 814-son qarorida, xalqaro parvozlar uchun ochiq aeroportlardagi yo`lovchilarni ro`yxatdan o`tkazish hamda bagajni topshirish joylarida bagajda olib o`tiladigan tovarlarga nisbatan bojxona qonunchiligi buzilishlariga rioya etilishi, shuningdek bunday qonunbuzarliklarni sodir etgan shaxslarni o`z vaqtida aniqlash imkonini beradigan sharoitlar yaratilgan hollardagina “yashil” va “qizil” yo`laklarni joylashtirishga ruxsat etilishi belgilangan.
Samarqand xalqaro aeroportining kirish va chiqish zallarida yo`lovchilarni bojxona nazoratidan tez va sifatli o`tkazish uchun zamonaviy rentgen apparatlari o`rnatilgan. Mazkur texnik vositasi yordamida fuqarolarning qo`l va bagaj yuklari birma-bir emas, balki monitordagi tasvirlar bo`yicha taqiqlangan yoki bojxona to`lovlari to`lamasdan olib kirish me`yorlaridan ortiqcha bo`lgan tovarlar mavjud bo`lishi mumkinligiga shubha tug`ilgan hollardagina ayrim bagajlar egasi ishtirokida ko`zdan kechiriladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan videotasvirda xorijdan uchib kelgan yo`lovchilar bagajlari bojxona xodimi tomonidan rentgen apparatidan o`tkazilmoqda. Bunda bagajlar bojxona xodimi tomonidan yo`lovchi yoki xolislar ishtirokisiz ochib tekshirilayotgani yo`q, balki barcha bagajlarni birma-bir ochib tekshirish amaliyotini istisno etgan holda ular ichidagi narsa-buyumlar rentgen apparati yordamida kuzatilmoqda.
Ushbu rentgen apparati monitoridagi tasvirlarga ko`ra ichida taqiqlangan buyumlar yoki bojxona to`lovlari to`lamasdan olib kirish me`yorlaridan ortiqcha bo`lgan buyumlar mavjud bo`lishi mumkinligiga shubha uyg`otgan 1 ta bagajni keyinchalik tashqarida bojxona xodimi va yuk egasi ishtirokida ko`zdan kechirish uchun qizil skotch bilan belgi qo`yilganlik holati videotasvirda aks etgan.
Bu kabi nazorat shakli “yashil” va “qizil” yo`lak tizimi joriy qilingan barcha davlatlar bojxona amaliyotida keng qo`llaniladi.
Raqamlarga murojaat qiladigan bo`lsak, Samarqand xalqaro aeroporti orqali joriy yilning 9 oyi davomida jami 286 212 dan ortiq yo`lovchilar harakatlangan. Shundan 278 363 nafari, ya`ni 97,3 foiz yo`lovchi “yashil” yo`lak orqali o`tgan. 7 849 nafari, ya`ni bor-yo`g`i 2,7 foiz yo`lovchi “qizil” yo`lakdan harakatlangan.
Afsuski, ayrim yo`lovchilar tomonidan yurtimiz xalqaro aeroportlarida yaratilgan ushbu imkoniyatlar suiiste`mol qilinib, bojxona qoidalarini buzish holatlari ham uchrab turibdi.
Vaholanki, O`zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 162-moddasida jismoniy shaxsning yashil yo`lakdan o`tishi bojxona qonunchiligi talablariga rioya etish majburiyatidan ozod etilmasligi aniq belgilab qo`yilgan.
“Samarqand aeroporti” chegara bojxona posti tomonidan 2019 yilning shu kuniga qadar jami 201 ta huquqbuzarlik holatlari aniqlanib, ular bo`yicha 1 038,3 mln. so`mlik tovar-moddiy boyliklar ashyoviy dalil tariqasida olib qo`yilgan.
E`tiborlisi shundaki, ushbu huquqbuzarliklarning aksariyat qismi aynan “yashil yo`lak”ni tanlagan yo`lovchilar tomonidan sodir etilgan. Aniqlangan qonunbuzarlik holatlaridan 6 tasi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
Xalqimizda, “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor qilar” – degan dono gap bor. Shunday ekan, yaratilgan imkoniyat va qulayliklardan to`g`ri foydalanishimiz, qonunlarni hurmat qilishimiz lozim bo`ladi.






