Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Malayziya Bosh vazirining maxsus vakili, Tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Marzuki Yaxya va Malayziyaning O`zbekistondagi favqullodda va muxtor elchisi Xendi Assan boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi.
Mehmonlar Imom Buxoriy yodgorlik majmuasini ziyorat qilishdi va markaz faoliyati bilan tanishishdi.
Tashrif doirasida mehmonlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
- O`zbekistonga sayohatimiz unutilmas taassurotlarga boy o`tmoqda, - dedi Marzuki Yaxya. – Bu erdagi o`zgarishlar, ulkan qurilish va bunyodkorlik ishlarini ko`rib hayratlandim. O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri bilan suhbatlashib, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xususida ma`lumotlar oldik. Biz Malayziyada Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini ochishni rejalashtirayapmiz.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Malayziyadagi islom tadqiqot markazlari va universitetlari bilan hamkorlikni yo`lga qo`ygan. Yaqinda malayziyalik bir guruh islomshunos olimlarning Samarqandga sayohati tashkil qilinadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi matbuot xizmati.






