Qayd etish kerakki, Italiyadagi “Reggia di Caserta” (Qirol saroyi) qadim tarixga ega Kazerta shahridagi, qolaversa butun dunyodagi eng yirik saroylardan biri hisoblanadi. Saroy 1200 zal va xonaga ega. Agarda shunga o`xshash boshqa saroylar bilan solishtiradigan bo`lsak, bo`lib, Peterburgdagi “Qishki saroy“da - 1084 xona, Angliyadagi “Bukingem“ saroyida – 775 xona mavjud. Saroydagi eng yirik hududlardan biri Makedonskiy bilan Roksananing to`y tasviri tushirilgan zal hisoblanadi.
Kelgusida ana shu saroyda Shahrisabz shahrida o`tkaziladigan “Xalqaro milliy liboslar festivali“ning navbatdagisi o`tkazilishi va festival davomida saroyda o`zbek milliy liboslari galereyasini ochilishi ma`lum qilinmoqda. Ayni vaqtda “Shahrisabz kelinlari“ milliy libosi “Reggia di Caserta” ma`muriyatiga taqdim qilindi.
Xo`sh, bunday natijaga qanday erishildi va bundan qanday foyda bor deysizmi? Ana shu savolga Marketing boshqarmasi Evropa davlatlari bilan ishlash bo`limi bosh mutaxassisi Sherzod Sultonov javob berdi.
– O`zbekistonning Italiyadagi favqulodda va muxtor elchisi Otabek Akbarov ko`magi va tashabbusi bilan Italiyaning Kazerta shahri Meri Carlo Marino va “Reggia di Caserta” ma`muriyati bilan uchrashuv o`tkazilganda ana shu kelishuvga erishildi, –deydi Sh. Sultonov. – Xabaringiz bor, Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri “Festivallar shahri”ga aylanib bormoqda. Endi, bu boradagi imkoniyatlar yanada kengayadi. Zero, yaqinda Shahrisabz shahri va Kazerta shahri o`rtasida “Birodar shaharlar“ rishtasi bog`landi. Shaharlar o`rtasidagi iqtisodiy, madaniy, turizm sohalaridagi hamkorliklar doirasida “Xalqaro milliy liboslar festivali“ Italiyada o`tkaziladi.

Ma`lumki, Kazerta shahri toza ipakdan bejirim gulqog`oz ishlab chiqarish bo`yicha dunyoda etakchi o`rinda turadi. Shu bois xorijiy hamkorlar Shahrisabz ipagiga juda qiziqmoqda. Ayni vaqtda Qashqadaryo viloyatidan Kazertaga ipak tola ekspert qilish imkoniyatlari o`rganilmoqda.
Yaqinda Kitob tumani va Shahrisabz shaharlarida o`tkazilgan “Anor” Xalqaro agroturistik festivali doirasida kelgan Italiyalik mehmonlar birinchi agroturistik qishloq Varganzada bo`lishdi.
Noyabr oyida Kazerta shahrida “Birodar shaharlar“ rishtasini bog`lashi bilan bog`liq keyingi rejalar va “yo`l xaritasi” belgilab olinadi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati






