AsosiyJamiyat

Xushnud Xudoyberdiev:«Mening fikrim» portali yana bir bor erkinlik sinovidan o`ta olmadi"

'Xushnud Xudoyberdiev:«Mening fikrim» portali yana bir bor erkinlik sinovidan o`ta olmadi"'ning rasmi

Fuqarolarni Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga doimiy propiska qilish masalasi poytaxtga viloyatlardan kelib yashayotgan qanchadan-qancha insonlarning og`riqli nuqtasiga aylangan. Ana shu propiskasiz o`z nomiga uy sotib ololmasligi esa og`riqning markazi bo`lsa, ajabmas. Xuquqshunos va bloger Xushnud Xudoyberdiev o`zi misolida bu tizimdagi ayrim hujjatda bor-u, amalda yo`q tartib-qoidalar haqida so`z yuritdi

"Ayrim masalalarni har qancha tanqid qilmaylik, lekin ich-ichimizdan baribir yaxshiliklarga umid qilaveramiz. Shu yurt rivojlanishi yo`lida oldingi ginalarni unutib, kelajakka ishonch bilan yana olg`a borishga harakat qilaveramiz.

Yodingizdami, bundan bir necha oy avval O`zbekistonda propiska rejimini butunlay bekor qilishni so`rab «Mening fikrim» portalida petisiya qoldirgandim. (https://t.me/xushnudbek/2147) O`shanda petisiyam o`ta kulgili asos bilan noqonuniy rad qilingach, bu portaldan hafsalam pir bo`lganini, ularning bu ishi ko`zbo`yamachilik ekanligini aytgandim. (https://t.me/xushnudbek/2563)

Ammo oylar o`tib, ko`ngildagi umid qurg`ur yana bosh ko`tardi. Pessimist bo`lmaslikka da`vat qildi.

• 16 avgust kuni «Mening fikrim» portalida ikkinchi petisiyamni qoldirdim. Birinchi gal propiska tizimini butunlay bekor qilishni so`ragandim. Bu safar sal pastga tushdim, kamroq narsa so`radim. Ya`ni Toshkentda propiskasi bo`lmagan shaxslarga ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishga ruxsat berishlarini iltimos qildim.

• Aslida ushbu taklif osmondan olinmagan, Harakatlar strategiyasi doirasida Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2018 yilgi Davlat dasturida (http://lex.uz/docs/3516847) bor edi. Lekin Prezident Farmonining ushbu bandi bajarilmadi. Hech kim nega bajarilmaganiga izoh ham bermadi.

• Xullas, petisiyamda yangi narsa kashf qilmadim, Prezident Farmoni orqali taklif etilgan, lekin bajarilmagan kichkina bir bandni eslatdim xolos.

• Ammo kecha ikkinchi petisiyamga ham rad javobi berishdi, petisiya umumxalq ovoziga qo`yilmaydigan bo`ldi.

• «Mening fikrim» portali yana bir bor erkinlik sinovidan o`ta olmadi. Senzura yana g`olib chiqdi. «Xalq - qonunlarning asosiy ijodkori bo`lsin» degan prinsip yana bir bor ayrim byurokratlar tomonidan chippakka chiqarildi.

• Bu safargi rad qilish asoslari ham xuddi o`tgan galdagi bilan bir xil. Ya`ni so`nggi yillarda propiskani soddalashtirish bo`yicha ko`p ish qilinayotganligi uchun, petisiyamga rad javobi berishibdi. Masalan, propiskasiz yashaganlik uchun ma`muriy jarimalar engillashtirilgani munosabati bilan, ikkilamchi bozordan propiskasiz uy sotib olishga ruxsat berish haqidagi petisiyam rad qilingan emish. Ali qolib, Valiga yopishishibdi. Maynavozchilik, xullas.

• Boz ustiga petisiyamga rad javobi naq 2 oyda berildi. Vaholanki, Qo`shma qaror bilan tasdiqlangan Nizomda 15 kun ichida ekspertizadan o`tkazish kerakligi belgilangan. Qo`shma qaror Qonunga tengligini yaxshi bilasiz. Demak, hozirgi holatda qonun buzilgan.

• Yana bir qiziq tomoni. Ishchi guruhning rad javobida aytilishicha, mazmuni va ma`nosiga ko`ra veb-portalga kelib tushgan va u bo`yicha vakolatli davlat organi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan paytidan e`tiboran bir yillik muddat o`tmaganligi sababli petisiyam e`lon qilinmaydigan bo`libdi. Vaholanki, ikkilamchi bozordan propiskasiz uy sotib olishga ruxsat berish to`g`risida vakolatning organning oxirgi bir yil ichida qabul qilgan birorta qarori yo`q. Yolg`on gapirishdan uyalmasmikin-a?

• Ijro hokimiyatining propiskani qo`llab-quvvatlashini tushunsa bo`ladi, tizimdagi ayrim rahbarlar propiska ortidan katta foyda ko`rishi mumkin. Uy quradigan yirik tashkilotlar ham ijro hokimiyatiga gapini o`tkazishi ancha osondir balki. Lekin Parlamentning qo`lida bo`lgan portal ham propiskaga oid har qanday petisiyani rad qilishi juda qiziq. Xalq saylagan vakillar xalq dardini engillashtirmasdan, ular ko`targan muammoni rad qilish, fikrlarini e`lon qilmaslik bilan shug`ullanishi og`riqli...

• «Mening fikrim» portali Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasidan keyin Qonunchilik palatasi hamda Senatning qo`shma qarori asosida tashkil etilgan edi. Garchi portal moderatorligi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari institutiga yuklangan bo`lsada, lekin muayyan petisiyani o`tkazish yoki o`tkazmaslik masalasini ular hal qilmaydi. Bunga bevosita Senat va Qonunchilik palatasi javobgar", — deya asosli mulohaza yuritdi.

Shuningdek, bloger Senat hamda Qonunchilik palatasi ushbu masala bo`yicha biror izoh berishini kutib qolishini ham bildirib o`tgan.

    Boshqa yangiliklar