AsosiySiyosat

“Milliy tiklanish”ning engil-elpi, tuturiqsiz munosabatlaridan asl muddaosi nima?

'“Milliy tiklanish”ning engil-elpi, tuturiqsiz munosabatlaridan asl muddaosi nima?'ning rasmi

Siyosiy partiyalar pozisiyasi va harakatlari borgan sari keskinlashmoqda. Sal avval "Milliy tiklanish" partiyasining deputat Rasul Kusherbaev chiqishlari ortidagi LiDeP manfaatlari haqidagi munosabatlarini e`lon qilgan edik. Hech qancha vaqt o`tmay ushbu munosabatlarga liberallardan javob qaytdi

Sportda aniqrog`i ko`pchilik muxlislarga ega futbolda nisbatan kuchsiz, tanilmagan biror jamoa yulduz futbolchilar jamlangan, butun dunyoda muxlislariga ega bo`lgan mashhur terma jamoalar bilan bellashishni orzu qiladi va shunga intiladi. Nega? Chunki, ular shu orqali tezroq tanilish mumkinligini yaxshi bilishadi. 

“Milliy tiklanish” partiyasining bugungi xatti-harakatlarini ham shunga mengzash mumkin. Chunki ular XDP yoki ”Adolat” partiyalari bir chetda qolib, aynan O`zLiDePga elimdek yopishib olishgan. Partiyamizning har bir qadamini poylab yurishibdi, desak ham mubolag`a bo`lmaydi.

Ayni daqiqalarda ham “Milliy tiklanish” Rasul Kusherbaev orqali partiyamizga tosh otishda davom etmoqda. Boya aytganimdek, kuchlilar mavqeidan foydalanib obro` orttirish “missiyasi” davom etmoqda. Lekin R. Kusherbaevni maqolasi yuzasidan MT axborot xizmatining javobida bir qator tushunmovchiliklar mavjud.

Birinchidan, maqolada “Rasul Kusherbaev zimmasiga navbatdagi nozik topshiriq yuklatilgan ko`rinadi. Uzunquloq gaplarga qaraganda, bu safar hurmatli deputatimizga “Artel” kompaniyasi vakillarining “Milliy tiklanish”ga a`zo bo`lganlari sababini aniqlash va omma orasida ushbu harakatga nisbatan salbiy fikrni shakllantirish vazifasi qo`yilganmish” degan juda kulgili jumlalar yozilgan.

Ushbu so`zlarni o`qib, quyidagi fikrlarni aytib o`tmaslikning iloji yo`q. Avvalo Rasul Kusherbaev birovni gapi yoki ko`rsatmasi bilan ish qiladigan deputat emasligini ko`pchilik juda yaxshi biladi. Maqola avvalida “...o`z saylovchilari e`tiborini qozongan, parlamentda esa “o`jar deputat” sifatida nom qozongan” deb buni MT axborot xizmatidagi mutasaddilar alohida e`tirof etishganku. Nega o`zingizni gapingizga o`zingiz qarshi chiqayapsiz degimiz keladi, ularga qarab.

Ikkinchidan, “Milliy tiklanish” “Artel” kompaniyasi rahbarini a`zo qilib, uni ko`z-ko`z qilishdan maqsadi nima? Agar masalaga ongli ravishda yondashadigan bo`lsak, ushbu tashabbus ortida kompaniyaning ming-minglab ishchilarini boshliq ortidan shu partiyaga “ixtiyoriy majburiy” a`zo bo`lishga da`vat etishning uchqunlari yaqqol sezilib qoladi.

Yana bir tushunmagan joyimiz bor. “Milliy tiklanish” vakillari R. Kusherbaev xalq uchun, saylovchilari uchun biror foydali ish qilsa, bunga O`zLiDePni aloqasi yo`q, deb ayuhannos solishadi. Partiya qolib deputatimizni ko`klarga ko`tarishganini bir necha marta guvohi ham bo`ldik.Endi esa Rasul Kusherbaevning MTga nisbatan bildirgan mutlaqo shaxsiy va xolis fikrini shakllanishida O`zLiDeP “buyurtmachi” emish! Qani bu erda mantiq? Bunday ikkiyuzlamachilik, soxta reklama kimga kerak? Xo`sh, “Milliy tiklanish” partiyasining bunday engil-elpi, tuturiqsiz munosabatlardan asl muddaosi nima?

Takror va takror aytishdan charchamaymiz. Ular o`z tasavvurlaridagi “Milliy tiklanishning yorug` kelajagini” O`zLiDeP nomidan ko`r-ko`rona foydalanib yaratishmoqchi, shekilli!

Boshqa yangiliklar