Internet tarmog`ida Xalq deputatlari Bo`stonliq tuman Kengashi deputati, «Milliy tiklanish» partiyasidan bo`lgan Kabul Dusovning o`zi uchun kirish yo`lini ochmoqchiligidan xalqning noroziligi tasvirlangan video tarqalgan edi.
Repost nashri Kabul Dusov bilan bog`lanib, vaziyatga oydinlik kiritdi.
Aslida nima bo`lgan edi?
— Hammasi qonuniy bo`lgan. Men aholiga qulaylik yaratish maqsadida yangi yo`l ochmoqchi bo`ldim. Aholi bekatgacha 500-600 metr yurib, qiyinchilikka duch kelayotgan edi. Men hammasini rasmiylashtirdim. Toshkent shahar hokimiyati, IIBB va boshqa tashkilotlardan ruxsat oldim. Yo`l qurilishini shu yili boshlamoqchi edim, lekin aholi qarshi chiqdi.
Ular nega qarshilik qilishdi?
— Ular men yo`l qurmasligimni xohlashyapti. Men esa ulardan hech narsa so`raganim yo`q, o`zim moliyalashtiryapman. U erda TSJ va boshqa joydan kelgan provakatorlar bor edi. Men birinchi qavatdan ofis sotib oldim. Avval u erda 16 oydan beri kommunal xizmatlarga pul to`lanmagan ekan. TSJ xodimlari menga yarim yil uchun pul to`lashimni aytishdi. Men rozi bo`lmadim va hammasini birdaniga to`lamoqchi bo`ldim. Ular hozir menga jahl qilib qurilishga xalaqit berishyapti.
Yo`l sizning ofisingizga olib boradimi?
— Yangi yo`l butun mahalla hududidan o`tadi. Qariyalarga katta yo`lgacha 500 metr yurib chiqish qiyinchilik tug`diradi. Bolalar maydonchasiga kelsak, u avvaldan bo`lmagan. Ular bolalar maydonchasi deb atayotgan hududda bir qancha axlat konteynerlari bo`lgan. Men esa chiqindilarni tozalagandim.






