13 oktyabr kuni soat 11.13 da 102 raqamiga kelib tushgan xabarga ko`ra, Chilonzor tumanida 2 yoshli M.M. yotoqxonada qarovsiz qoldirilganida, bola karavotga chiqib, deraza tokchasiga o`tib olgan.
Deraza esa ochiq bo`lgan va bola 4-qavatdagi xonadon derazasidan yiqilib tushgan. Oqibatda bolaga etgan tan shikastlari sababli, u hayotdan ko`z yumgan, deya xabar beradi IIBB matbuot markazi.
Shuningdek IIBB ota-onalardan yosh bolalarni derazasi ochiq qolgan xonalarda yolg`iz qoldirmaslikni so`ragan.
“Hurmatli ota-onalar, sizlardan yosh bolalarni derazasi ochiq qolgan xonalarda yolg`iz qoldirmaslikni so`raymiz. Shuningdek, bolalar chiqib olishi oson bo`lgan mebel, stul va boshqa buyumlarni derazaga zichlab joylashtirmang. Moskit to`rlarining musahkamligiga ishonib qolmang – ularning aksariyati bolaning og`irligiga bardosh beradigan darajada mustahkam emas. Ko`plar xonadon balkonida balandligi deraza tokchasigacha etadigan taxtalar o`rnatishadi. Bu ham baxtsiz hodisaga sabab bo`lishi mumkin. Bu kabi holatlar yuz bermasligi uchun sizlarga derazalar ortiga panjaralar o`rnatishni, hamda oynalarga mustahkam bolalar cheklagichlarini o`rnatishni tavsiya etamiz.” , — deyiladi xabarda.






