AsosiyJinoyat

Ichkilikning kasofati

'Ichkilikning kasofati'ning rasmi

Joriy yilning 7 oktyabr kuni yurtimizning bir qancha internet nashrlarida Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida xizmat safarida bo`lgan Toshkent shahar IIBB xodimini shu tumanda yashovchi fuqaro kaltaklab, temir ustunga bog`lab qo`yib, azoblaganligi to`g`risidagi ma`lumotlar tarqaldi. Bunday holat kamdan kam uchraganligi, ichki ishlar xodimiga qilingan qo`pollik aholi orasida bir qancha bahs va munozaralarga sabab bo`ldi. Xo`sh, voqea o`zi qanday bo`lgandi?

Tergovda aniqlanishicha Ibodulla (ismlar o`zgartirilgan)joriy yilning 8 avgustdan 9 avgustga o`tar kechasi Arnasoy tumani “Do`stlik” QFY “Abay” ko`chasi 5-uy 1-xonadonda sheriklari Tohir va Sodiqlar bilan birga ovqatlanib, spirtli ichimlik iste`mol qilishib o`tirganida, uning yashash xonadoniga spirtli ichimlik bor yoki yo`qligini so`rash uchun kelgan, o`sha kuni Arnasoy tumanida xizmat safarida va fuqarolik kiyimida bo`lgan Toshkent shahar IIBB PPX va JTSB AKB safdori serjant Mirqosimni ushlab olib, uning yuz va tana qismiga qo`li bilan bir necha marotaba urib, tan jarohati etkazib, zo`rlik ishlatib, Mirqosimni uyining kirish joyidagi temir ustuniga arqon bilan qo`l va oyoqlaridan bog`lab qo`yib, uni tan jarohati olib yordamga muhtojligini bilgan holda jismoniy azob berib, zo`rlik ishlatib 30 daqiqadan ortiq vaqt mobaynida g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum etgan.

Mirqosim bilan birga Ibodullaning yashash xonadoniga kelgan sheriklari Zokir va Komillar unga yordam berish maqsadida ichki ishlar xodimlarini chaqirish uchun voqea joyidan qochib ketishgan...

Shundan so`ng, Mirqosimga yordam berish maqsadida xizmat kiyimida kelgan 3 nafar “Aydar-Arnasoy ko`llari tizimi” havzasi muhofaza qilish 6-postiga xizmatni o`tash uchun safarbar qilingan Toshkent shahar IIBB xodimlari Ibodullaga qo`l va oyoqlari bog`langan Mirqosimni qo`yib yuborishini iltimos qilgan. Ibodulla esa qo`yib yuborish haqidagi qonuniy talabini bajarmasdan, Mirqosim aroq so`rab kelib, bezovta qilganligi, aybiga iqrorligi mazmunidagi tilxat yozib bersagina uni qo`yib yuborishini aytgan...

Sudga oid tibbiyot ekspertizaning 13.08.2019 yildagi№ 315-sonli xulosasiga ko`ra, Mirqosim bosh miyaning yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, burun to`sig`ini yon qanotini yopiq sinishi, ikkala ko`z olmalari va yordamchi a`zolarining o`rtacha darajali kontuziyasi-chayqalishi, o`ng tomon peshona sohasidagi, chap quloq suprasini orqa yuzasidagi, chap chakka suyagini so`rg`ichsimon o`simtasi bilan ensa sohalarida jarohat olgan.

Shunday qilib, Ibodulla o`zining yuqoridagi jismoniy azob berib, zo`rlik ishlatib g`ayriqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilishda ifodalangan jinoiy harakatlari bilan O`zbekiston Respublikasi JK 138-moddasi 2-qismining “a” bandida ko`rsatilgan jinoyatni qasddan sodir etgan.

Sud tergovida sudlanuvchi tariqasida so`roq qilingan Ibodulla unga e`lon qilingan aybga to`liq iqrorlik bildirib qaramog`ida onasi, turmush o`rtog`i va uch nafar voyaga etmagan farzandlari borligini hisobga olib engillik berishini so`ragan.

Sud sudlanuvchi Ibodullaning jinoiy harakatlari o`z aybiga to`liq iqrorlik bildirib bergan ko`rsatmalaridan tashqari sud tergovida jabrlanuvchi tariqasida so`roq qilinganMirqosim ichki ishlar organlarida 2001 yildan buyon, egallab turgan Toshkent shahar IIBB PPX va JTSB AKB 2-otryad safdori vazifasida 2009 yildan buyon ishlab kelishligi 2019 yil 5 avgust kuni Toshkent shahar IIBB rahbariyatining topshirig`iga asosan Jizzax viloyati Arnasoy tumanidagi “Aydar-Arnasoy ko`llarini muhofaza qilish” nazorat postida xizmatni o`tash uchun safarbar qilinganligi va 4-post maskani sheriklari “Umid” va “Ziyodulla” bilan birga biriktirilganligi, ularga ushbu post maskanida xizmatni o`tash davomida vazifalariga jamoat tartibini saqlash, noqonuniy ovlangan baliq mahsulotlarni aylanma olib ketish holatlariga chek qo`yish va boshqa holatlar kirishligi aytilgan.

Voqea sodir bo`lgan kuni kechki vaqt soat taxminan 20lar atrofida 4 kishi bo`lib barchalari xizmatni o`tayotgan post maskanida birga ovqat pishirishib, ovqatlanayotganlarida sherigi “Ziyodulla”ning o`rtog`i Toshkent shahridan bu erga kelishda o`zi bilan bir dona aroq olib kelganligini va o`shani birga ichishganligi aytilgan. 4 kishiga bitta aroqqa hemiriyam bo`lmagach qo`shni postdan “najot” izlab borishgan. Qo`shni postdan ham “yo`q” javobini olishgach esa qishloq oralab aroq izlab ketishgan va yuqorida holat sodir bo`lgan.

Sud, sudlanuvchi Ibodullaga nisbatan jazo tayinlashda aybiga iqror bo`lib, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganligini, jabrlanuvchining da`vosi yo`qligini, yashash joyi hisoblangan Arnasoy tumani Do`stlik QFYning kafillik xatini, yashash joyidan shaxsi ijobiy tavsiflanganligini, qaramog`ida uch nafar voyaga etmagan farzandlari borligini, moddiy ahvoli og`irligini jazoni engillashtiruvchi holatlar deb e`tiborga olib, qonun sanksiyasida nazarda tutilgan ozodlikdan mahrum qilish bilan bog`liq bo`lmagan ozodlikni cheklash jazosini tayinlashni lozim topdi va O`zbekiston Respublikasi JK 138-moddasi 2-qismining “a” bandi bilan uch yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Xulosa o`rnida shuni ham aytishni unutmaslik kerakki, xalqimizda “Qars ikki qo`ldan chiqadi” degan naql bor. Aydar-Arnasoy ko`llari tizimi” havzasi muhofaza qilish 6-postida xizmat vazifasini ado etayotgan Toshkent shahar IIBB PPX va JTSB AKB 2-otryad safdori Mirqosim xizmatni o`tash vaqtida spirtli ichimlik ichmaganida, uning ortidan quvib qishloqma-qishloq yurib yurmaganida, birovning xonadoniga bostirib kirmaganida bunday holat sodir bo`lmagan bo`lar edi.

Maqola sud materiallar asosida tayyorlandi.

Boshqa yangiliklar