Aholiga imtiyozli transport xizmati ko`rsatish maqsadida “Toshshahartransxizmat” AJ tomonidan 8 turdagi oylik yo`l chiptalari joriy etilgan. Ushbu turdagi chiptalarning arzonligi aholi uchun eng asosiy qulaylikdir.
Oylik yo`l chiptalarining talabalar uchun mo`ljallangan seriyalariga talab yuqoriligi izohsiz ham barchaga tushunarli. Shuni inobatga olgan holda jamiyat tomonidan o`tgan yillar va oylarda talabdan tashqari qo`shimcha ravishda ham oylik chiptalarni savdoga chiqarib kelingan. Aksariyat hollarda savdoga chiqqan chiptalarning hammasi ham sotilmagan.
Biroq, joriy yilning oktyabr oyi uchun mo`ljallangan oylik yo`l chiptalari sotuvga chiqqanda talabalar uchun mo`ljallangan “T” hamda “TM” seriyali chiptalar darhol sotilib ketgan. Hatto bu seriyadagi chiptalarni qayta-qayta so`rab keluvchilar soni ko`paygan.
Dastlabki tahlillarga ko`ra oliy ta`lim muassasalarida o`qishga qabul qilish kvotalarining oshirilgani, shu tarzda talabalar soni keskin ortganligi oylik yo`l chiptalariga ham talabni ko`payishiga sabab bo`lgan.
“Toshshahartransxizmat” AJ ning ma`muriyat nazorati guruhlari tomonidan avtobus yo`nalishlarida o`tkazilayotgan o`rganishlarda talabalar o`rtasida oylik yo`l chiptalariga talab ortishiga yana bir qator omillar sabab bo`layotgani ma`lum bo`ldi. Xususan, talabalikni tasdiqlovchi hujjatlarni soxtalashtirish evaziga oylik chiptadan foydalanish holatlari uchramoqda. Ya`ni, hech qaerda ta`lim olmasa-da, talabalik guvohnomasini biror ta`lim muassasasidan qo`lga kiritganlik yoki bunday rasmiy hujjatlarni tegishli tartibda rasmiylashtirmaganlik, oylik yo`l chiptalarini soxtalashtirganlik holatlari aniqlanmoqda.
Afsuski, bunday yo`lovchilarga chora ko`rish yoki jarimaga tortish qonunan “Toshshahartransxizmat” AJ vakolatiga kirmaydi.
Shu bois ham mutasaddi tashkilotlardan ushbu masalada nazoratni kuchaytirib, tegishli choralar ko`rishlarini istardik. Qolaversa, poytaxtimizdagi barcha ta`lim muassasalari mutasaddilaridan bunday soxta hujjatlar tayyorlanishiga yo`l qo`ymasliklarini so`rab qolardik.
“Zero, jamoat transportiga bu tarzda zarar etkazish avvalo, xizmat sifatiga salbiy ta`sir ko`rsatishini, qolaversa, jamoatchilik o`rtasidagi turli tushunmovchiliklarga sabab bo`lishini unutmasligimiz lozim.
O`z haq-huquqlarini bilgan aziz yo`lovchilarimiz majburiyatlarini ham unutmasalar maqsadga muvofiq bo`lar edi” deb yozadi “Toshshahartransxizmat” AJ.






