AsosiyJamiyat

Turkiyadagi saytlardan O`zbekiston haqida uydirma materiallar oldirib tashlandi

'Turkiyadagi saytlardan O`zbekiston haqida uydirma materiallar oldirib tashlandi'ning rasmi

Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi matbuot ishlari bo`yicha maslahatchisi Davut Gazi Benlining shaxsiy aralashuvi bilan Turkiyaning Dunyabulteni.net deb nomlangan internet axborot nashrida so`nggi paytlarda e`lon qilingan O`zbekiston haqidagi qator uydirma materiallar oldirib tashlandi. Sayt rahbari Fatih Sarach, bu borada e`tiborsizlik bo`lganini, O`zbekistonda bo`layotgan islohotlarni juda katta mamnuniyat bilan kuzatib borayotganliklarini aytib, O`zbekiston bilan bog`liq istalgancha ijobiy materialga o`z nashri saytidan joy berishga tayyor ekanini bayon qildi.

Dunyabulteni.net sayti Turkiya va dunyo xabarlari, tahliliy materiallar e`lon qilishga ixtisoslashgan internet nashri bo`lib, unda so`nggi davrda “Özbekistan'da, pamuk hasadı başladı. Devlet, çalışanları yine tarlaya sürdü” (O`zbekistonda paxta terimi boshlandi. Davlat byudjet xodimlarini yana dalaga chiqardi), “Özbekistan'da başörtülü öğrenciler ve aileleri özel kayıt altına alınıyor” (O`zbekistonda ro`molli o`quvchilar va oilalari alohida ro`yxatga olinmoqda), “Özbekistan'da sivil polisler sakallı erkek avına çıktı” (O`zbekistonda fuqarolik kiyimidagi ichki ishlar xodimlari, soqolli erkaklar “ovi”ga chiqdi) kabi uydirma xabarlardan iborat, asosan “Ozodlik” sayti manbasiga asoslangan materiallar e`lon qilindi.

E`lon qilingan bu uydirma materiallar ichida to`g`ridan-to`g`ri Namangan viloyati bilan aloqador masalalar ham o`rin olgach, bu borada kuzatilayotgan salbiy tendensiyani oldini olish bo`yicha vodiymedia.uz sayti Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi matbuot ishlari bo`yicha maslahatchisi Davut Gazi Benli bilan muloqotga chiqdi. Janob Benli, O`zbekistonda yashab turgan diplomat sifatida bunday materiallarning yolg`on ma`lumotga tayanganini aytib, bu masala bilan shaxsan o`zi shug`ullanishini bildirdi.

Shundan so`ng janob Davut Gazi Benli o`zining Dunyabulteni.net sayti rahbari Fatih Sarach bilan bo`lgan muloqoti haqida xabar berib, bo`hton va uydirmadan iborat barcha materiallar saytdan oldirib tashlanganini, nashr rahbariyati O`zbekistonda bo`layotgan keng ko`lamli islohotlarni ijobiy baholayotganini, yurtimizda bo`layotgan o`zgarishlar va yangilanishlar bilan bog`liq xabarlarimiz uchun sayt istalganicha minbar taqdim etishga tayyor ekanini bildirdi.

Turkiyaning O`zbekistondagi elchixonasi matbuot ishlari bo`yicha maslahatchisi Davut Gazi Benlini jamoatchilik keng tanimasa ham, o`zbek matbuoti olamida barcha nashrlar vakillari yaxshi bilishadi. Turkiyaning manfaati uchungina emas, O`zbekiston va Turkiyaning mushtarak manfaatlari uchun xizmat qilayotgan, o`zbek matbuotining qadrdon do`sti, janob Benliga yuqorida bayon qilingan holat bo`yicha alohida tashakkur bildirildi.

    Boshqa yangiliklar