AsosiyJamiyat

Poligonda harbiylar tungi va kunduzgi otish mashqlarini o`tkazdi

'Poligonda harbiylar tungi va kunduzgi otish mashqlarini o`tkazdi'ning rasmi

Janubi-g`arbiy maxsus harbiy okrugning Surxondaryo viloyatida joylashgan harbiy qismda harbiy xizmatchilar qurol ishlatish texnikasi, qisqa masofadagi janglarda innovasion tarzda qo`llab kelayotgan uslublari, mashg`ulotlar chog`ida tezkorlik va aniqliklariga, ruhiy holatining barqarorligiga e`tibor qaratdi. 

“Yig`in”, “Trevoga” signali bilan ko`tarilgan guruh tarkibidagi harbiy xizmatchilar sanoqli daqiqa ichida barcha tegishli qurol-aslaha va moddiy-o`quv vositalar bilan dala-o`quv maydoniga ravona bo`ldi. 

Engil zirhlangan “M-ATV” harbiy texnikasi otish maydoniga etib keldi. Guruh shaxsiy tarkibi belgilangan o`quv-mashg`uloti rejasiga ko`ra kunduzgi otish mashg`ulotlari davomida birin-ketin PM, AKS, PKM, KPVT, RPG-7d kabi jangovar qurollardan nishonlarga qarata o`q uzarkan, amaliy mashg`ulotlar davomida tobora sayqallanib, kemtigi to`ldirilib kelinayotgan innovasion-taktik imkoniyatlarining nechog`liq ustuvor ekanligini namoyish etdi. 

Ushbu zamonaviy majmuaviy mashg`ulotlar mobaynida harbiy xizmatchilar juftlik, uchlik va oltilik guruhlarda tezkor harakat qilib, bir-birlarining xavfsizligini ta`minlagan holda, nishonlarni yo`q qilishadi. Ehtimoliy o`qning talofatiga duchor bo`lmaslik uchun hurbiy xizmatchilar hududdan kelib chiqib, shaxsiy xavfsizlikni ta`minlash, otish holatida turli chap beruvchi usullarni qo`llash, o`qdon almashtirish chog`ida jangovar birodarlik taomiliga ko`ra o`z quroldoshi bilan pozisiya almashish kabi amaliyotlarni bajardi. 

Jangovar juftlik va uchlik guruhlarida 9 millimetrdan 7,62 millimetr kalibrli jangovar qurollargacha qo`llanilgan bo`lsa, jangovar oltilik guruhi engil zirhlangan “M-ATV” harbiy texnikasida ma`lum masofadan shartli jang o`chog`iga kirib kelindi. Bunda harbiy xizmatchilar tezkor harakat davomida pozisiya egallab, “M-ATV”ning tom qismida katta kalibrli KPVT quroli “soya”sida belgilangan hududga yorib kirdi. Nishonlarga jiddiy zarba berilgach, shartli garovga olinganlar va yaradorlar evakuasiya qilindi.

Besh yuz metrgacha bo`lgan masofada quruqlik va havodagi nishonlarni yo`q qilish uchun mo`ljallangan tankka qarshi qo`l granatamyoti RPG-7D vositasida katta serjant A.Namozov va kichik serjant F.Qurbonov yakka va juftlik tartibida “A” va “B” nishonlariga navbatma-navbat o`t ochishdi. Poligon, tunu kun kechadigan jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlaridan so`ng harbiy xizmatchilar gulxan atrofida qalblaridagi Vatan ishqiyu yurtdoshlar tinchligi, do`stligu sadoqat, sog`inchu muhabbat kabi go`zal tuyg`ularini parvarishlaydi. 

Ayniqsa, Vatan haqidagi qo`shiqlarni harbiy xizmatchidan eshitish kishiga benihoya zavq bag`ishlaydi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar