AsosiyJamiyat

Sherzod Shermatov o`qituvchi va ota-onalarga murojaat qildi

'Sherzod Shermatov o`qituvchi va ota-onalarga murojaat qildi'ning rasmi

O`ziga va atrofdagilarga talabchanlik muvaffaqiyat garovi, o`zidan tashqari barchadan ayb izlash bilan cheklanish mag`lubiyat asosidir, deya hisoblaydi Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov. 

U o`z Feysbuk sahifasida maktab bitiruvchilarning muvaffaqiyatsizligidagi asosiy omillar haqida munosabat bildirdi

“Yaxshi va yomon ko`rsatkichli maktablar orasida turli viloyatlarda bo`lishiga qaramay, qiziq bir umumiy holatni kuzatish mumkin.

Oliy ta`lim muassasasiga davlat granti asosida kirgan bitiruvchilari ko`p va umuman ta`lim sifati yuqori bo`lgan maktab ma`muriyati va o`qituvchilari bilan suhbatlashganda shu narsa ma`lum bo`ldiki, ular asosan o`z kasbini sevishi, talabchanlik, tartib-intizom, darsga puxta tayyorgarlik ko`rish kabi muhim vazifalari haqida aytib o`tishdi. Ya`ni maktab muvaffaqiyatga erishishi uchun birinchi navbatda ular o`zlari harakat qilishlari kerakligini ta`kidlab o`tishdi.

Oliy ta`lim muassasalariga bironta ham bitiruvchisi o`qishga kirmagan hamda ota-onalar tomonidan talab yuqori bo`lmagan (ya`ni markazda joylashgan va quvvatidan ko`ra o`quvchi soni kam bo`lgan) maktab jamoasidan bu holatning sabablari so`ralganda, ular o`quvchilarning o`qishga qiziqmasligi, bolalarning ota-onalarining o`zi ham oliy ma`lumotli emasligi, hamda ularning ko`pchiligi dehqon yoki hunarmand bo`lgani sababli, ular ham o`z navbatida farzandlarini darsga qiziqtirish o`rniga hunarga o`rgatayotgani, darsga proektor etishmasligi va h.q. kabi turli sabablarni aytib o`tishdi. Ya`ni maktab bitiruvchilarining muvaffaqiyatsizligida ulardan boshqa hamma aybdor ekanini tushuntirishga ancha harakat qilishdi.

Bu o`quv yilini “Ta`limda islohot: o`zgarishni o`zimizdan boshlaylik!” degan shior ostida boshlaganimiz bejiz emas.

Hurmatli ustozlar va maktab rahbarlari!

Maktabning muvaffaqiyati asosan sizning mehnatingizga bog`liq. O`quvchilarni motivasiya qilish va ularni kelgusida oliy ta`lim muassasasiga qiziqtirish va yo`naltirish, ota-onalarga ham imkon boricha farzandlarining qiziqish va salohiyatlaridan kelib chiqib, hayotda yuqoriroq marralarga harakat qilishlari muhimligini tushuntirish kerak bo`ladi”.

    Boshqa yangiliklar