AsosiySiyosat

O`ZBEKISTON 2020 YILDA MUSTAQIL DAVLATLAR HAMDO`STLIGIGA RAISLIK QILADI

'O`ZBEKISTON 2020 YILDA MUSTAQIL DAVLATLAR HAMDO`STLIGIGA RAISLIK QILADI'ning rasmi

2019 yilning 11 oktyabr kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida MDH davlat rahbarlarining  sammiti o`tkazildi. Unda davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan kompleks masalalarni muhokama qilib, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar. 

Mazkur tashrif doirasida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev bir qator davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan muzokaralar o`tkazdi. 

         Ta`kidlash o`rinliki, MDH bugungi kunda jahonda yirik jo`g`rofiy hudud, siyosiy salohiyatga ega yirik tuzilmalardan biri sifatida qaraladi. Tarixga yuzlansak, ushbu tashkilot 1991 yilning 8 dekabr kuni tarqalib ketgan bir qator sovet respublikalari negizida tashkil etilgan. 

MDH tarkibiga Boltiqbo`yi o`lkalaridan (Latviya. Litva, Estoniya) tashqari barcha sobiq sovet respublikalari a`zo bo`lib kirgan. Faqat 2009 yil avgust oyida Gruziya ixtiyoriy ravishda ushbu tashkilotni tark etgan. Ayni paytda 11 ta davlat (Ozarboyjon,  Armaniston, Belarus, Qozog`iston Qirg`iziston,  Moldova, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, O`zbekiston,  Ukraina)  MDHning tenghuquqli a`zolari sanaladi. 

Keyingi yillarda MDH xalqaro tashkilot, yirik siyosiy tuzilma sifatida yana  o`z mavqeini mustahkamlab borayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan e`tirof etilmoqda. Birgina o`tgan 2018 yil davomida MDH mamlakatlari orasida tovar ayirboshlash hajmi 190 milliard AQSh dollariga etgani ham bu fikrni yana bir karra isbotlaydi. 

Ma`lumki, MDH mamlakatlarini qadimiyaloqalar, qolaversa, sobiq ittifoq davrida, bir iqtisodiy va siyosiy makonda kechgan mushtarak hayot tarzi birlashtirib turadi. Xususan, Ikkinchi jahon urushi yillarida bu makonda istiqomat qilgan barcha xalqlarning bir yoqadan bosh chiqarib fashizmga qarshi mardona kurashgani va bu qahramonlik urushida porloq g`alaaga erishgani tarix zarvaraqlaridan munosib o`rin olgan. 

Ayni paytda MDH darajasida ushbu g`alabaning 75 yilligini munosib darajada nishonlash Ashxobod sammitida muhokama qilingan asosiy masalalardan biri bo`ldi. Sammit davomida Ulug` Vatan urushida qozonilgan G`alabaning 75 yilligi munosabati bilan MDHga a`zo davlatlar rahbarlarining Hamdo`stlik mamlakatlari xalqlari va xalqaro hamjamiyatga murojaati ham qabul qilindi. Ushbu qutlug` sana MDHga O`zbekiston raislik qiladigan yilga to`g`ri kelayotgani ham o`ziga xos ma`no kasb etadi.

Keyingi uch yil ichida mamlakatimiz ichki va tashqi siyosatida juda katta o`zgarishlar ko`zga tashlanmoqda. MDH mamlakatlari va  bir qator xorijiy davlatlar bilan aloqalar yanada jonlandi. Xususan, O`zbekiston va  qo`shni o`lkalar o`rtasida  uzoq yillardan beri o`z echimini kutib kelayotgan bir qator muammolar tinch muzokaralar yo`li bilan bartaraf etildi. 

So`nggi yilarda nafaqat Markaziy Osiyo, balki hamdo`stlikka a`zo boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari yangi bosqichga ko`tarildi. O`zbekiston rahbari turli darajadagi xalqaro  anjumanlarda MDHga a`zo davlat va hukumat rahbarlari bilan uchrashib, turli masalalar yuzasidan muzokaralar o`tkazdi, turli bitimlar imzolandi. 

Bularning barchasi O`zbekistonning MDH makonidagi siyosiy va iqtisodiy faolligini ortib borayotganini ko`rsatadi. Keyingi yillarda O`zbekiston iqtisodiy ko`rsatkichlari o`sib borayotgani MDH davlatlari o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganida ham o`z aksini topayotir.

        Ashxobod sammitida davlat rahbarlari tomonidan MDH makonida tinchlik va xavfsizlikni yanada mustahkamlash, jahonda yuz berayotgan siyosiy o`zgarishlar, harbiy to`qnashuvlar, manfaatlar kurashiga sergak nigoh bilan yondashish lozimligi alohida qayd etildi. Shuningdek, anjumanda MDHga 2020 yilda raislik O`zbekiston Respublikasiga o`tishi to`g`risida qaror qabul qilindi, qator hujjatlar imzolandi. 

Prezident Shavkat Mirziyoev bu yuksak ishonch va e`tibor uchun minnatdorlik bildirib, mamlakatimiz raisligi davomida tashkilot doirasidagi ko`p tomonlama hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga ustuvor e`tibor qaratilishini ta`kidladi. 

Kelgusida hamdo`stlik miqyosida savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, erkin savdo zonasi to`liq ishlashini ta`minlash, ishlab chiqarish kooperasiyasini chuqurlashtirish va uchinchi mamlakatlar bozorini o`zlashtirish, agrar soha, energetika va telekommunikasiyalar tarmog`idagi hamkorlikni kengaytirish, ilmiy, innovasion va ta`lim dasturlarini amalga oshirishga alohida e`tibor qaratiladi.

Davlatimiz rahbari o`n yilga mo`ljallangan Transport va tranzit yo`laklarini rivojlantirishning ustuvor yo`nalishlarini va hududlararo hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqish muhimligini ta`kidladi. 

Kelgusi yili yurtimizda birinchi MDH hududlararo forumi bo`lib o`tadi, shuningdek, MDH savdo-sanoat palatalari rahbarlari kengashi majlisini o`tkazish, uning doirasida Hamdo`stlikning ishbilarmonlik tashabbuslari haftaligini tashkil qilish taklifi bildirildi. Shuningdek, axborot xavfsizligi, madaniy-gumanitar hamkorlik bo`yicha ham qator tadbirlar rejalashtirilgan.

Muzokaralar yakunida shuningdek, Strategik iqtisodiy hamkorlik to`g`risida deklarasiya, 2020-2022 yillarda terrorizm va ekstremizmning boshqa zo`ravonlik ko`rinishlariga qarshi kurashish  bo`yicha hamkorlik dasturi va boshqa hujjatlar qabul qilindi.

Eslatib o`tamiz, Turkmaniston ushbu tashkilotga 2019 yilning oxiriga qadar raislik qiladi. 

    Boshqa yangiliklar