AsosiyJamiyat

Xushnudbek: "Testdagi shaffoflik deganda faqat hammayoqqa kamera qo`yishtushunilmaydi"

'Xushnudbek: "Testdagi shaffoflik deganda faqat hammayoqqa kamera qo`yishtushunilmaydi"'ning rasmi

DTM o`z rasmiy kanalida kelgusi yildagi testlar haqida ayrim savollarga javob berishni boshladi. (https://t.me/rasmiydtm/227) Ammo ushbu savol-javoblarda yangi gap yo`q, Prezident qaroridagi bor ma`lumotni shunchaki qayta eslatishmoqda. Toki yangi tartibga oid hujjat rasman tasdiqlanmaguncha yangi gap ayta olishmasa ham kerak.

Kelgusi yilgi test sinovlari haqida bizga quyidagilar ma`lum:

  •  kelayotgan yilda 5 ta fandan imtihon bo`lishi aniq, bu Prezident qarorida (http://lex.uz/docs/4334802) belgilangan. Ya`ni bu masala allaqachon hal etilgan, faqat tartibi hozircha noma`lum xolos;
  •  5 ta fandan test bo`lishga oid tartib, faqat davlat OTMlariga taalluqli. Shu paytgacha bo`lgani kabi, bu yangi tartib harbiy, diniy, xususiy, nodavlat va xorijiy OTMlarga aloqador emas;
  •  Prezident qarorida testlar ikki bo`limga ajratilishi belgilangan, birinchi bo`limda barcha uchun majburiy uchta fan — ona tili (o`zbek, rus yoki qoraqalpoq tili), matematika va O`zbekiston tarixi; ikkinchi bo`limda yo`nalishga mos ikkita maxsus fan belgilangan;
  •  Qarorda ona tili (o`zbek, rus yoki qoraqalpoq tili) deb ko`rsatilganligi sababli, majburiy blokda adabiyot fanidan test savollari bo`lmaydi;
  •  Qarorda O`zbekiston tarixi deb ko`rsatilganligi uchun, majburiy blokda jahon tarixi fanidan test savollari bo`lmaydi.

 

Yuqoridagi ma`lumotlar tushunarli, ammo asosiy savollarga abiturientlar qachon javob topishadi?

• majburiy blokda o`tish bali bo`ladimi yoki ushbu uchta fandan necha ball olsa ham farqi yo`qmi, umumiy 5 ta fandan to`plagan bali hisobga olinadimi?

• maxsus blokda shundoq ham ona tili, matematika va tarix fanidan savollar bo`ladigan yo`nalishlarda tartib qanday bo`ladi? Ular 2 marta matematika, ona tili, O`zbekiston tarixidan savollarga javob beradimi?

• ayrim yo`nalishlarda fanlar bloki o`zgarishi haqida gap-so`zlar yuribdi, masalan yurisprudensiya yo`nalishida yana tarix asosiy fanga aylantirilishi mumkin ekan. Umuman olganda qaysi yo`nalish qaysi fandan imtihon topshirishi qachon aniq bo`ladi? Axir abiturientlar buni oldindan bilishi kerakku! Yoki o`tgan yilgilarga o`xshab, yana testga 1 oy qolganda ma`lum qilasizlarmi?

• qaysi darsliklardan test savollari tuzilishi qachon e`lon qilinadi yoki bu ham uzoq vaqt sir tutiladimi?

 

Testdagi shaffoflik deganda faqat hammayoqqa kamera qo`yish, katta pavilonlarda test o`tkazish tushunilmaydi. Eng avvalo shaffoflik deganda imtihonlarga oid barcha zarur ma`lumotlar oldindan e`lon qilinishi, abiturientlar hamma savollarga ochiq-oydin javob topa olishi, hech narsa mavhum bo`lmasligi muhim.

Bizda esa ming afsuski eng muhim ma`lumot va jiddiy o`zgarishlarni testga kam vaqt qolganda e`lon qilishadigan juda yomon odat bor. Bu abiturientlarga nisbatan adolatsizlik ekanligini yoki tushunishmaydi, yoki tushunsa ham pinagini buzishmaydi. «Kerak bo`lsa ko`nikadi» degan prinsipda yuradigandek tuyulishadi. Qani, ko`ramiz, balki joriy yilda mana shu «kasallik»ka barham berilar.

 

 

 

    Boshqa yangiliklar