2019 yil 12 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Muzrabot tumanidagi “Yangi diyor” mahallasida yashovchi Ra`no Rahimovaning murojaati tarqatildi.
“3 farzandning onasiman. 24 soat qarovga muhtoj nogiron farzandim bor. Ancha-muncha qarz ham bo`lib qoldik. Uy masalasida juda ko`p marta murojaat qildim, ammo arzu shikoyatimga hech kim quloq solmayapti. Respublika xotin-qizlar qo`mitasigacha bordim, ammo natija bo`lmadi...” deyiladi mazkur murojaatda.
O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi mazkur murojaatni o`rganib chiqish va tegishli xulosalarni berish yuzasidan Surxondaryo viloyatiga so`rov yo`lladi. Viloyat hokimligi shikoyatchi bilan muloqot o`tkazilgani, uning bu boradagi huquqlari tushuntirilgani haqida ma`lumot berdi.
Shikoyatchi Ra`no Rahimova bilan telefon orqali suhbatlashilganida esa ishga doir yana boshqa holat hamda sabablar ham mavjudligi oydinlashdi. Shuningdek, u bu yil O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasiga mutlaqo murojaat qilmaganini bildirdi, deyiladi Qo`mitaning matbuot xizmati axbrotida.
O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan ushbu holat qat`iy nazoratga olindi va vaziyatni chuqurroq o`rganish maqsadida xizmat tekshiruvi o`tkazishga qaror qilindi. Tegishli ishchi guruh voqeani joyiga borib o`rganadi hamda o`rganish yakunlari tez kunlarda qo`mita saytida e`lon qilinadi.






